Yozma ravishda tuzilgan shartnoma shartlariga e’tiborsiz bo‘lmaylik
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan «Avval» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi K.N. o‘zi va kredit savdo do‘koni o‘rtasidagi shartnoma bilan bog‘liq tushunmovchilik holatiga aniqlik kiritilib, masalani ijobiy yechim topishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u qish oylarida shahardagi Texnomart kredit savdo do‘konidan 2 dona elektr isitish jixozi (obogrevatel’)ni tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosidagi shartnomaga ko‘ra 4 mln 418 ming so‘mga xarid qiladi. Lekin xonadoniga keltirib 3 kun davomida foydalanishlari jarayonida isitish jixozi xonani talab darajasida isitmagach, iste’molchining turmush o‘rtog‘i tomonidan tovar do‘konga qaytarib olib kelib topshiriladi. Sotuvchi tomonidan tovar qabul qilinib, olib qolinadi. Shuningdek, iste’molchi shu voqealardan keyin savdo do‘konidan unga telefon qilishganini, shartnoma bekor qilinishini aytganliklarini ham qo‘shimcha qildi.
Lekin oradan yana ma’lum vaqt o‘tib uning bank plastik kartasidan pul yechiladi. So‘rab-surishtirsa savdo do‘konida uning nomiga 1 dona mini pech va 1 dona chang yutgichga, qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlarida shartnoma rasmiylashtirilganligi ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng shahar jamiyatiga ushbu masalaga aniqlik kiritilib berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qiladi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida savdo do‘koni rahbari nomiga amaldagi qonunning 8-moddasi (sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovar topshirilmagan) va 21-moddasi (ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinmaydi) talablari asosida so‘rov xati kiritildi. Sotuvchidan esa shahar jamiyati so‘rov xati o‘rganib chiqilganligi, o‘rganish natijalariga ko‘ra 05.02.2023 yil kunidagi 10UT-000750-sonli shartnoma bekor qilinganligi hamda bank plastik kartasidan yechilgan pul mablag‘ini iste’molchiga qaytarilishi bo‘yicha rasmiy javob xati kelib tushdi. O‘rganish ishlari yakunlari bo‘yicha iste’molchiga murojaati yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bo‘yicha rasmiy javob xati yuborildi.
Shu o‘rinda, hurmatli iste’molchilarimizdan, tovarlar sotib olish, xizmatlardan foydalanish va boshqa shu kabi holatlarda ular va sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasida tuziladigan, tuzilgan hamda ularning imzolari bilan tasdiqlangan yozma shartnomalardagi mazkur shartnomani bekor qilinishiga olib keluvchi holatlar, shartnomani bir (yoki ikki) tomonlama bekor qilish tartiblarini o‘zida aks ettirgan bandlariga (bo‘limiga) alohida e’tibor qaratishlarini so‘rab qolar edik. Zero, yozma shartnoma imzolar qo‘yilishi bilan kuchga kirgan ekan, shu shartnoma matniga kiritilgan talablardan kelib chiqib, tegishli tartibdagi harakatlar (rasmiy yozishmalar va h.k.) amalga oshirilmasa bekor bo‘lmasdan kuchda qolishi va ertaga turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Usmonjon Ruziyev
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassisi
Post Comment