Ishonch telefoniga qilingan qo‘ng‘iroq muammoni o‘sha paytni o‘zida hal bo‘lishiga sabab bo‘ldi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan shaharning «Tol tagi» ko‘chasida yashovchi M. Y.ning mobil aloqa kompaniya xizmatlaridan norozi bo‘lib Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi Humans uyali aloqa operatori sim kartasini xarid qilib, foydalanishi jarayonida yo‘qotib qo‘yadi. Telefon orqali kompaniya bosh ofisiga bog‘lanib, bu haqda aytganida, kompaniya operator unga fuqarolik pasportini olib, hududdagi ofislardan biriga borishini va u yerda sim kartasi tiklab berilishini, bu ish uzoq vaqt olmasligini hamda hech qanday muammo bo‘lmasligini tushuntiradi. Shundan so‘ng kompaniyaning shahardagi ofisiga tashrif buyurgan iste’molchi va kompaniya xodimi o‘rtasida tushunmovchilik kelib chiqib, M.Y. o‘sha yerdan turib O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiladi.
Murojaat tegishli ravishda rasmiylashtirilib, o‘rganib chiqilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bilan jamiyatimizga kelib tushgandan so‘ng, iste’molchi bilan bog‘langanimizda u Federatsiya ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib o‘z e’tirozlarini bildirib telefon go‘shagini qo‘ygach, kompaniya xodimlari yuzaga kelgan tushunmovchilikni o‘sha paytni o‘zida bartaraf qilganliklarini va masalasi o‘sha kuniyoq hal bo‘lganligini ma’lum qilib, Federatsiya xodimlariga o‘z minnatdorchiligini izxor qildi.
Muhammadaziz Isaqov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi
Post Comment