Sotuvchiga tanga pulni to‘lovga qabul qilish yoki qilmaslikni o‘z bilganicha hal qilish huquqi berilmagan
Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Bag‘dod tumanida yashovchi fuqaro G‘.B.ning avtomobillarga metan yoqilg‘isi quyish shohobchasida 1000 so‘mlik tanga pullarni to‘lovga qabul qilishni rad qilingani yuzasidan Federatsiyaning ishonch teleofniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Fuqaroning bildirishicha, Rishton tumanida joylashgan avtomobillarga metan gazini to‘ldirish shohobchasiga o‘z avtomobiliga yoqilg‘i quyish maqsadida kirgan. To‘lov uchun yonida bo‘lgan 28 ta ming so‘mlik tangalar bilan hisob-kitob qilmoqchi bo‘lgan. Lekin shohobchaning mas’ul xodimi ular tanga pulni to‘lovga qabul qilmasliklarini ma’lum qilgach, o‘rtada nizo kelib chiqqan. Shundan so‘ng u mazkur holat yuzasidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida shohobcha mas’ullari, xususan o‘sha kungi nizo kelib chiqishiga sabab bo‘lgan xodim bilan uchrashilib, mamlakatimiz hududida milliy to‘lov vositasi bo‘lgan pul birligimizni joriy qilinishi, u to‘lovga yaroqli holatda bo‘lganda qanday ko‘rinishda (qog‘oz banknota, tanga) va qanday nominalda bo‘lishidan qat’iy nazar to‘lovga qabul qilinishi shartligi yuzasidan tushuntirishlar berildi. Shohobcha xodimi J.I. milliy pul birligi, jumladan tangalarni hech qanday cheklovlarsiz to‘lovga qabul qilishlarini, o‘sha kungi holatda tushunmovchilikni kelib chiqishiga nima sabab bo‘lganligini va bunday holat kelgusida takrorlanmasligini o‘z tushuntirish xati bilan o‘rganishga taqdim qildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha murojaat egasiga yozma ravishda javob xati yuborildi.
Xusniddin Latipov
Rishton tuman jamiyati mutaxassisi
Post Comment