Qonunning ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinmasligi bo‘yicha normasi talabi ijrosi ta’minlandi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan shaharning Oybek ko‘chasida yashovchi M.S. farzandining bog‘cha to‘lovlari masalasidagi muammoga aniqlik kiritilib, bartaraf qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Iste’molchi murojaatida bayon qilishicha, farzandi shahardagi xususiy bog‘chada ta’lim oladi. Joriy yilning iyul oyida farzandining tobi qochganligi sababli shifokor ko‘rigidan o‘tkazishgan va uning tavsiyasi bilan bir oy davomida rejimli asosda davolanish muolajalarini olganlar. Bu haqda bog‘cha ma’muriyati ogohlantirilgan. Shundan so‘ng muolajalarni avgust oyida ham davom ettirishga majbur bo‘lganliklari sababli bolaning guruh rahbarini muolajalar davom etayotganligi to‘g‘risida ogohlantirganlar. Sentyabr oyiga o‘tib bog‘chaga borganlarida esa avgust oyi uchun ham to‘lov qilinishi so‘ralgan, bunga sabab qilib negadir bog‘cha ma’muriyati va ota-ona o‘rtasida 2021 yilning 10 oktyabrida imzolangan shartnomadagi 60 kun davomida bog‘cha to‘lovlarini to‘lanmasligi oqibatlari to‘g‘risidagi band ko‘rsatilgan.
Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish davomida bog‘cha ma’muriyati bilan uchrashib amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, bog‘cha tarbiyalanuvchisining uzrli sabablar bilan mashg‘ulotlarga qatnasha olmaganligi, amaldagi qonun talabiga ko‘ra bolaning bog‘chaga kelmagan kunlari uchun ko‘rsatilmagan xizmatlarga haq olinmasligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. O‘rganish yakunlari bilan esa avgust oyi uchun to‘lov to‘lanmaydigan bo‘ldi. Tarbiyalanuvchi ota-onasining mazkur ta’lim muassasasi bilan hamkorlikni davom ettirmaslik bo‘yicha hohish-istagidan kelib chiqib, iste’molchi va bog‘cha ma’muriyati o‘rtasidagi yuqorida nomi etilgan shartnoma ham bekor qilindi.
Azamatjon Babayev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment