Giyohlar bilan davolash ijobiy natija bermagan bemorning to‘rt million so‘m puli qaytarildi
O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga tumanning Nursux qishlog‘ida yashovchi D.R.dan kelib tushgan murojaatda kasalliklarni turli giyohlar vositasida davolovchi tabibdan xarid qilingan dori vositasi uchun to‘langan pullarini qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘ralgan.
Murojaatda bayon qilinishicha, D.R. virusli gepatit B kasalligidan davolanish maqsadida joriy yilning sentyabr oyi oxirlarida Toshkent viloyati To‘ytepa shahrida xalq tabobati yo‘li bilan kasalliklarni davolash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi F. ismli tabibga borib uchrashgan. Kasalligiga oid turli tahlillar natijalarini ham olib borgani sababli tabibga ularni ko‘rsatgan. Tabib unga turli giyohlardan tayyorlangan 12 quti dori vositalarini berib, ularni 8 oy davomida uzulksiz iste’mol qilib tursa qoni tarkibidagi virus kamayishini aytgan. Bemor damlamalarni 1 oy davomida iste’mol qilib borib, oy oxirida yana organizmidagi o‘zgarishlarni bilish uchun mustaqil tahlil topshirganda tahlillar qoni tarkibidagi viruslar kamayish o‘rniga oshib ketganligini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng ushbu masalada Federatsiya xodimlariga murojaat qilgan.
«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, sotib olinayotgan tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi oqibatida zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda, tuman jamiyati xodimlari tabib bilan bog‘lanib, yuzaga kelgan holatda qonunning yuqoridagi talablarini va ushbu talablarni bajarmaslik natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlarni tushuntirganlaridan so‘ng, tabib bemorning to‘rt million so‘m pulini uning bank plastik kartasiga qaytardi.
Isomiddin Abbasov,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment