O‘lchami mos kelmagan kurtka almashtirildi
Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Usmonobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.Q.ning o‘zi uchun xarid qilgan qishki kiyimni o‘lchami biroz kelmagani, sotuvchidan uni mos o‘lchamdagisiga almashtirib ololmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Murojaatning so‘zlariga ko‘ra, u tuman markazidagi kiyim-kechak do‘konidan 350 000 so‘mga o‘zi uchun erkaklar qishki kiyimi (kurtkasi) xarid qiladi. Xonadoniga olib borib boshqatdan kiyib ko‘rish jarayonida kiyimning o‘lchami unga biroz mos emasligi ma’lum bo‘ladi. Sotuvchiga kurtkani mos o‘lchamdagisiga almashtirib olish bo‘yicha qilgan murojaatiga esa rad javobi oladi.
Ushbu holatda iste’molchi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga asosan, mazkur maqbul sifatli tovarni sotib olingan joydagi sotuvchidan ayni shunday tovarga almashtirib olishga haqli. Bunda iste’molchi tovardan foydalanmagan, unga shikast yetkazmagan bo‘lishi, qadog‘i va uning iste’mol xususiyatlari saqlangan holda qaytarilishiga e’tiborli bo‘lishi kerak bo‘ladi. Ushbu shartlar bajarilgan bo‘lsa, iste’molchining tovarni almashtirish yoxud qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozimdir.
Murojaatni o‘rganish davomida sotuvchiga qonunning yuqoridagi talablari tushuntirildi va buning natijasida iste’molchining qo‘lidagi kurtkani boshqa maqbul sifatdagi va mos o‘lchamdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.
Dilobar Dadaxonova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment