Issiqlik ta’minoti tizimiga ulanmagan xonadon egasiga qarzdorlikni bartaraf qilish bo‘yicha sms xabarnoma kelgan
Marg‘ilon shahar «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi M. S.ning issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan xonadoniga hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati masalaning hududiy tegishliligi bo‘yicha Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.
Jamiyat mutaxassislari o‘rganish ishlari davomida M. S. yashaydigan ko‘p qavatli uyga tashrif buyurganlarida, xonadon issiqlik ta’minoti tizimiga ulanmaganligi (xonalarda issiqlik quvurlari va batareyalari o‘rnatilmagan), faqatgina yuqori qavatga issiqlik tizimining plastik quvuri (stoyagi) o‘tganligi kuzatildi. Fuqaroning aytishicha, uning telefon raqamiga issiqlik ta’minoti korxonasidan 286 000 so‘m qarzdorlik mavjudligi va uni bartaraf qilinishi so‘ralgan SMS xabarnoma kelgan.
Murojaatda ko‘rsatilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida issiqliq ta’minoti korxonasining shahar bo‘limiga yuzaga kelgan holat bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablari, unga ko‘ra iste’molchi huquqlarini o‘zida aks ettirgan so‘rov xati kiritildi. Mazkur tashkilotdan holat joyiga borib o‘rganilganligi, iste’molchi xonadonining haqiqatda ham tarmoqqa ulanmaganligi va shu asoslarda qayta hisob-kitob ishlari o‘tkazilganligi, fuqaroda issiqlik ta’minoti to‘lovlaridan qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida rasmiy javob xati olingach, fuqaroga o‘rganish ishlari yakunlariga ko‘ra, uning issiqlik ta’minoti bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lum qilindi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Post Comment