Tovarda aniqlangan nuqson bepul bartaraf etib berildi

Tovarda aniqlangan nuqson bepul bartaraf etib berildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasiga Quvasoy shahrida yashovchi Q.M.ning Farg‘ona shahridan xarid qilgan ortopedik matrasdan foydalanish jarayonida nuqsonlari aniqlangani, sotuvchidan bu borada tayinli javob ololmaganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ortopedik matras «Goods trade mall» MChJ bilan imzolangan shartnoma asosida 2 074 000 so‘mga, muddatli to‘lov shartlarida xarid qilingan. Iste’molchi matrasdan 4 oy davomida foydalanishi jarayonida unda turli nuqsonlar kuzatilgan. Masala yuzasidan sotuvchi bilan bir to‘xtamga kela olmaganlaridan so‘ng, hududiy birlashmaga murojaat qilib, uni qonuniy asoslarda hal qilish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi tovardagi nuqsonlar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida, kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida bildirib, qonuniy huquqlarini amalga oshira oladi. Shuning bilan birgalikda, qonunda belgilangan normalar asosida ushbu muddatlardan so‘ng ham e’tirozlar bildirilishi va huquqlar talab qilinishi imkoniyatlari mavjud.

Hududiy birlashma mutaxassislari tomonidan murojaat o‘rganib chiqilishi jarayonida sotuvchi bilan olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng, sotuvchi tomonidan tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etib berilishi tartibida muammo hal etilib, ortopedik matras iste’molchi qo‘liga soz holatda topshirildi.

Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma sektor boshlig‘i.

(illyustrativ foto)

Post Comment