Sihatgohda sog‘ligini tiklayotgan iste’molchi huquqi himoya qilindi
Farg‘ona tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi T.A.ning «Konchilar» sihatgohida amalga oshirgan to‘lovlaridan bir kun kam xizmat ko‘rsatilayotganligi holati yuzasidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi 2024 yilning 5 avgust kuni sihatgohga kelgani, jami 6 kun uchun 1 200 000 so‘m to‘lovni amalga oshirganini, lekin 10 avgust kuni unga xonani bo‘shatishi aytilganini, ushbu holatda u 200 000 so‘m ko‘p to‘lov qilgan bo‘lib chiqayotganini ma’lum qilib, holatni o‘rganib oydinlik kiritib berilishini so‘raydi.
Tuman jamiyati xodimlari tomonidan, sihatgoh mas’ullari jalb qilgan holda, holatni joyiga borib o‘rganilishi jarayonida iste’molchi haqiqatan ham 6 kun uchun to‘lovni amalga oshirgani, ushbu holatda u xonani 2024 yilning 10 avgust kuni emas, balki 11 avgust kuni ertalab bo‘shatib berishi lozimligi ma’lum bo‘ldi. Tomonlarga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, masalani iste’molchi foydasiga hal qilinishiga erishildi.
Abror Isaqov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Post Comment