Dori kerak bo‘lmay qolsa, dorixonaga qaytarish mumkinmi?

Dori kerak bo‘lmay qolsa, dorixonaga qaytarish mumkinmi?

Kundalik hayotda shunday holatlar uchraydi: fuqaro o‘zini yoki yaqinini davolash uchun dorixonadan dori sotib oladi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, shifokor tavsiyasi o‘zgaradi, boshqa dori zarur bo‘lib qoladi yoki xarid qilingan doriga ehtiyoj qolmaydi.

Shunda tabiiy savol tug‘iladi: «Ishlatilmagan, qadog‘i ochilmagan dorini dorixonaga qaytarib, pulimni olishim yoki boshqa doriga almashtirishim mumkinmi?». Bu savolga javob har doim ham iste’molchi kutganidek emas. Chunki dori vositalariga nisbatan alohida tartib qo‘llaniladi.

Yaqinda Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro U.K. dori vositasini qaytarish masalasida murojaat qildi. Murojaatni o‘rganish hujjatlarida qayd etilishicha, u tumandagi «N. F.» xususiy dorixonasidan 140 000 so‘mga «Magne B6» dori vositasini xarid qilgan. Keyinchalik mazkur doriga ehtiyoj qolmagani sababli fuqaro uni dorixonaga qaytarib bermoqchi bo‘lgan. Biroq dorixona xodimi dori vositasini qaytarib olishni rad etgan.

Murojaatni o‘rganish davomida muhim huquqiy jihatga e’tibor qaratildi: dori vositasi zarur sifatda bo‘lsa, ya’ni uning sifati, yaroqlilik muddati va boshqa qonuniy talablari joyida bo‘lsa, faqat «menga kerak bo‘lmay qoldi» degan sababning o‘zi uni qaytarish yoki boshqa doriga almashtirish uchun asos bo‘lavermaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan chakana savdo qoidalarining zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxatiga dori vositalari ham kiritilgan.

Bu tartibning asosida muhim sabab bor. Dori vositasi dorixonadan chiqqandan keyin uning qanday sharoitda saqlanganini, harorat rejimi buzilgan-buzilmaganini yoki boshqa sanitariya-gigiena talablariga to‘liq rioya qilinganini har doim ham ishonchli aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu bois sifatli dori vositasini qayta savdoga chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan muhimdir.

Shuning uchun:

– dori yoqmay qolsa;
– unga ehtiyoj qolmasa;
– shifokor keyinchalik boshqa dori tavsiya qilsa;
– fuqaro fikridan qaytsa;
– va dori vositasining o‘zi zarur sifatda bo‘lsa, uni odatda dorixonaga qaytarib berish yoki boshqa doriga almashtirish talab qilinishi mumkin emas.

Ammo bu «dori bo‘yicha umuman hech qanday huquq yo‘q» degani emas, albatta. Bu yerda bir muhim farqni tushunish kerak: qaytarilmaydigan tovarlar ro‘yxati faqat zarur sifatdagi tovarlarga taalluqli.

Agar dori vositasida qonunchilik talablariga zid holatlar bo‘lsa, vaziyat boshqacha baholanadi. Masalan, qonunga ko‘ra dori vositalarida ishlab chiqarilgan sana, yaroqlilik muddati va saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Yaroqlilik muddati o‘tgan yoki zarur ma’lumotlari ko‘rsatilmagan tovarlarni qabul qilish va realizasiya qilish taqiqlangan.

Shuningdek, iste’molchiga tovar haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi natijasida u zarur iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lmagan tovarni sotib olgan bo‘lsa, shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqi vujudga kelishi mumkin.

Qonun nuqsonli tovar sotilganda ham iste’molchiga bir qator huquqlarni beradi. Jumladan, tegishli holatlarga qarab, tovarni almashtirish, nuqsonni bartaraf etish, narxni kamaytirish yoki shartnomani bekor qilib, zararni qoplash kabi talablar qo‘yilishi mumkin.

Demak, «dori qaytarilmaydi» degan qoida har qanday holatga bir xil tatbiq etiladigan mutlaq qoida emas. Asosiy masala — dori vositasining haqiqatan ham zarur sifatda ekani va murojaatga sabab bo‘lgan holatning mazmunidir.

Dori vositasini xarid qilishda keyinchalik bunday noqulaylikka duch kelmaslik uchun:

— dori nomi va dozasini yana bir bor tekshiring;
— shifokor tavsiyasi yoki resept bo‘lsa, unga muvofiqligini aniqlang;
— dorixona xodimidan sizga aynan shu dori kerakligini tasdiqlab oling;
— ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddatiga e’tibor bering;
— qadoqdagi saqlash shartlari bilan tanishing;
— xaridni tasdiqlovchi chekni saqlab qo‘ying.

Qonun iste’molchiga tovarning sifati, butligi, vazni va narxini tekshirish huquqini beradi, sotuvchi esa zarur hollarda buning uchun tegishli imkoniyatni yaratishi shart.

Uchko‘prik tumanidagi mazkur murojaat iste’molchilar uchun muhim huquqiy saboq bo‘ldi. Kiyim-kechak, maishiy texnika yoki ayrim boshqa tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan almashtirish va qaytarish qoidalarini dori vositalariga avtomatik ravishda tatbiq etib bo‘lmaydi.

Dori vositasi — inson salomatligi bilan bevosita bog‘liq maxsus tovar. Shu sababli zarur sifatdagi dori-darmon mahsulotlari qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra qaytarib olinmaydi va shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydi.

Shuning uchun eng to‘g‘ri yo‘l — dorini sotib olishdan oldin uning nomi, dozasi va sizga haqiqatan zarurligini yaxshilab tekshirish.

Huquqingizni biling, ammo har bir huquqning qonun bilan belgilangan tartibi va chegarasi borligini ham unutmang!

Post Comment