Saqich, konfet, gugurt, qurut: qaytim qaytarishda qaysi biri lider? Natijalarni e’lon qilamiz

Saqich, konfet, gugurt, qurut: qaytim qaytarishda qaysi biri lider? Natijalarni e’lon qilamiz

Mustaqil tadqiqot doirasida savdo do‘konlarida qaytim uchun eng ko‘p qanday tovar berilayotganligini aniqlashtirish maqsadida quyidagi 1 ta savol va uning 4 ta javob varianti bo‘lgan savolnoma ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar (nuqtai_nazar_official, rishtontumanimurojaat telegram kanallari)ga qo‘yildi:

Savdo do‘konlarida qaytim o‘rniga eng ko‘p olgan tovaringiz qaysi?

A) Saqich (jvachka)
B) Konfet
V) Gugurt
S) Qurut

O‘tkazilgan so‘rovnomada, 28.06.2021 yil holatiga, 1264 ta respondent ishtirok etdi. Natija esa quyidagicha bo‘ldi (diagrammaga qarang):
Respondentlarning 40 foizi gugurt variantiga ovoz bergan bo‘lsa, ularning 36 foizi saqich (jvachka), 20 foizi qurut, 4 foizi konfet variantlariga ovoz berganlar. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, gugurt saqich (jvachka)ni 4 foizga ortdi qoldirib, qaytim qaytarish jarayonlarida liderligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, savdo-sotiq jarayonlarida oldi-sotdi amalga oshirilgach, har beshta odamning 2 tasiga pul (tangadagi) qaytim o‘rniga gugurt yoki saqich berilmoqda.

Mulohaza uchun:

Tasavvur qilamiz. Gugurtni chakana savdodan qutisini 200 so‘mdan olasiz deylik. Qaytim o‘rniga berilganda, Sizga uni ko‘pincha kamida 250 so‘mdan o‘tkazadilar. Agar Farg‘ona shahridagi savdo do‘konlarida bir kunda 10000 ta oldi-sotdi operatsiyasi amalga oshirildi va shularning 40 foiziga qaytim 2 qutidan gugurt bilan hisob-kitob qilindi, desak, bu holat aholi 2 000 000 so‘m (8000 x 250 so‘m)lik qo‘shimcha tovar sotib olishga majbur bo‘layotganligini ko‘rsatadi. Bu birgina gugurt misolidagi hisob-kitob. Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida esa, sotuvchi iste’molchini qo‘shimcha tovarlar sotib olishga qistash (majburlash)ga haqli emasligi ko‘rsatib qo‘yilgan.

P.s. Agar yuqoridagi tovarlarni olmasdan, qaytimdan voz kechib ketsangiz, yuqorida nomi zikr etilgan qonunning o‘sha 21-moddasiga ko‘ra, bu xizmat ko‘rsatuvchi (sotuvchi) tomonidan ko‘rsatilmagan xizmat (sotilmagan mahsulot) uchun haq olishi sifatida baholanadi.

G‘ayrat Mamatkulov
mustaqil tadqiqotchi

Post Comment