Mobil qurilmalardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish muhim
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shu shaharda yashovchi fuqaro A.H. ning «Uzbektelekom» milliy aloqa operatorining «Uzmobile» filiali xizmatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganildi.
Fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatida uning abonent hisob raqamidan har kuni 900 so‘mdan mablag‘ yechib olinayotganligini ma’lum qilib, ushbu holatga oydinlik kiritib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.,
Murojaatni tegishliligi bo‘yicha Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida aloqa operatori mas’ullari bilan bog‘lanilib, holat bo‘yicha izox berilishi so‘ralganda, mazkur raqam abonentga 2017 yilda rasmiylashtirilganligi, u hozirgi kunda o‘ziga qulay bo‘lgan tarif rejasidan foydalanib kelayotganligi ma’lum qilindi. Shuning bilan birgalikda, kompaniya mutaxassislari, abonent raqamiga faollashtirilgan, kompaniyaga tegishli barcha qo‘shimcha xizmatlarni o‘chirib, abonent bilan bog‘langanliklarini va unga o‘z tashabbusi bilan boshqa kompaniyalarga tegishli bo‘lgan xizmatlarni bilib yo bilmasdan faollashtirib qo‘ygan bo‘lsa, ularni ham o‘chirish yo‘l-yo‘riqlari bo‘yicha ko‘rsatma va tushuntirishlar berilganligini ma’lum qildilar.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, pullik xizmat «Uzmobile» kompaniyasi tomonidan taklif qilinmaganligi, abonent bu pullik ko‘ngilochar portalni o‘z tashabbusi bilan, bilib yo bilmasdan, faollashtirib qo‘yganligi ma’lum bo‘lib, unga mutaxassislar tomonidan bu boradagi tushuntirishlar berib o‘tildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, mobil aloqa foydalanuvchilariga mobil qurilmalariga SMS, elektron xat tarzida kelib tushayotgan har qanday xabarlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, bular spam yoki fishing xabarlar bo‘lishi ham mumkinligini, bunday xabarlardagi havolalarga bosish, tasdiqlash, shaxsiy ma’lumotlaringizni berish, ushbu shaxsiy ma’lumotlaringizni, mobil qurilmaga biriktirilgan plastik kartadan pullarni o‘g‘irlanishi, Sizga moddiy va ma’naviy ziyon yetkazilishini, eng kamida telefoningizni dasturlari viruslar bilan zararlanishi kabi salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishini unutmasliklarini so‘rab qolamiz.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi
Post Comment