Chala qolgan ish nihoyasiga yetkazildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro N. G‘.ning xonadoniga buyurtma qilgan mebel to‘plamini ustalar tomonidan o‘z vaqtida sifatli tayyorlab berilmaganidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, N. G‘. og‘zaki shartnoma asosida xonadoniga 10 mln 800 ming so‘mga mebel to‘plami buyurtma qilgan, lekin mebelni o‘rnatishga kelgan ustalar ishni oxiriga yetkazmay, ayrim detallari kamligini, mebelni qolgan qismini detallarni olib kelib bir necha kundan keyin o‘rnatib berishlarini aytib ketganlaricha mijoz bilan qayta bog‘lanmaydilar va telefon raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga ham javob bermaydilar. Shundan so‘ng iste’molchi Marg‘ilon shahar jamiyatiga ushbu masalada murojjat qilishga majbur bo‘ladi.
Murojaatni o‘rganish davomida ustalar bilan telefon orqali aloqa o‘rnatilib, mijozga buyurtmani kelishilgan vaqtidan kechiktirib bajarilishi qonunda belgilangan tartibda, xususan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasi tartibida huquqiy ta’sir choralarini ko‘rishga, shuningdek har bir kechiktirilgan kun uchun neustoyka (penya) to‘lanishiga sabab bo‘lishi tushuntirildi. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan ijrochi vakillari mebellar to‘plamini iste’molchi xonadoniga buyurtmada kelishilgan tartib va hajmlarda o‘rnatib berilishiga erishildi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi
Post Comment