Mijoz yo‘qotishdan qo‘rqmagan tadbirkorning kelajagi shubha ostida qolishi mumkin

Mijoz yo‘qotishdan qo‘rqmagan tadbirkorning kelajagi shubha ostida qolishi mumkin

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Maorif» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi F. Sh.ning umumiy ovqatlanish shohobchasida buyurtma qilingan taomning sifatiga qilgan e’tirozi inobatga olinmaganligi yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchining ma’lum qilishicha, u shahardagi oshxonalarning biridan pishirilgan tovuq go‘shtiga buyurtma bergan. Buyurtma bo‘yicha keltirilgan taomni iste’mol qilmoqchi bo‘lganida, undan biroz nojo‘ya hid kelayotganligini sezgan. Bu haqda o‘zini e’tirozini bildirganida esa oshxona xodimlaridan biri unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, tovuq go‘shtini hammasida shu kabi ozgina hid kelib turishini aytadi. Hattoki, buyurtma qilingan taomdan o‘zi yeb ko‘rsatib, hech qanday hid yo‘qligini ham «namoyish qilgan». Mijozga nisbatan hurmatsizlikni bir yo‘la oxirigacha yetkazib qo‘yishni niyat qilgan oshxona xodimi, unga boshqa taom berilmasligini, e’tirozi bo‘lsa yuqori turuvchi tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan.

Amaldagi qonunchilik talablariga, xususan «O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlari (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari»ning 17-bandiga ko‘ra, mazkur holatda oshxona mas’ul xodimi, iste’molchining tanloviga ko‘ra, belgilangan kamchiliklarni bepul bartaraf etish, kulinariya mahsuloti (xizmatlar) uchun to‘lov miqdorini kamaytirish, qo‘shimcha haq to‘latmasdan xuddi shunday taomni, kulinariya mahsulotini tayyorlash (xizmatni takroran bajarish), iste’molchining sifatsiz kulinariya mahsuloti sotib olish (xizmatlarni bajarish) bilan bog‘liq xarajatlarini to‘liq qaytarish kabi choralardan birini ko‘rishi lozim edi.

Iste’molchining murojaatini oshxona rahbari ishtirokida o‘rganish davomida mijoz bilan munosabatda xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, ushbu holatdagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Nizo kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan xodim mijozdan uzr so‘ragach, buyurtma uchun to‘langan 35000 so‘m pul iste’molchiga qaytarildi.

Muhammadaziz Isaqov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

Post Comment