Shartnoma shartlari buzilishining oldi olinib, yuzaga kelgan nizoli holat bartaraf etildi
Beshariq tumani Yakkatut qishlog‘ida yashovchi fuqaro, Federatsiyamiz a’zosi J.I. tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, buyurtmachi tashkilot o‘rtadagi shartnoma shartlarini to‘liq bajarmaganligini oqibatida xonadonida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar chala qolganini ma’lum qilib, muammoni bartaraf etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragandi.
Iste’molchining ma’lum qilishicha, u xonadonida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ijrochi bilan imzolangan shartnomada kelishilgan 34 000 000 so‘mlik summani 100 % oldindan to‘lagan, lekin ijrochi korxona tomonidan buyurtma chala bajarilib, bajariladigan ishlar doirasidagi 1 ta eshik old va orka bezak qoplamalarisiz qolib ketgan. Iste’molchining bu borada bir necha bor qilgan murojaatlari turli vaj-karsonlar bilan e’tiborsiz qoldirilib, hattoki ijrochi tomonidan bu ishlar uchun qo‘shimcha to‘lov ham so‘ralgan.
Murojaatni o‘rganish davomida ijrochiga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunning ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari bo‘yicha normalarni ifodalovchi 19-moddasi, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi bo‘yicha normalarni ifoda etuvchi 21-moddasi talablari tushuntirildi. Shuningdek, iste’molchi va ijrochi o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq ijrochining majburiyatlari va mazkur majburiyatlarni bajarmaslik natijasida kelib chiquvchi oqibatlar haqida tushuntirishlar ham berib o‘tildi. Tushuntirishlar kor qilib, yuzaga kelgan nizoli masala tinch yo‘l bilan hal etilishiga hamda umumiy qiymati 550 000 so‘mlik chala qolgan ishlarni korxona hisobidan amalga oshirilib, ishlar oxiriga yetkazilishiga erishildi.
Baxtiyor Jo‘rayev,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment