Yaxshi ishlamagan gaz pechi sotuvchiga qaytarildi
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «G‘oziyog‘lik» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.U. ning xarid qilingan gaz pechini yaxshi ishlamaganligi va uni savdo do‘koni qaytarib olmayotganligi xususida shahar prokuraturasiga qilgan murojaati masalaning tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u shahardagi «Hamroh savdo tarmog`i» MChJga qarashli savdo do‘konidan Eronda ishlab chiqarilgan gaz pechini tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan 3 590 400 so‘mga xarid qilgan. Xonadoniga keltirilgan gaz pechi yaxshi ishlamagach, sotuvchiga bu borada murojaat qilganida ular tomonidan pechni tabiiy gazga moslashtirish kerakligi aytiladi va xonadonga usta jo‘natiladi. Lekin shundan keyin ham bir hafatacha ishlagan gaz pechi yana ishlamay qoladi. Yaxshi ishlamagan tovarni o‘z kuchi bilan sotuvchiga qaytarish ishlarini amalga oshira olmagan iste’molchi bu borada Qo‘qon shahar prokuraturasiga murojaat qiladi.
Shahar jamiyati mutaxassislari murojaat asosida savdo do‘koni mas’ullari bilan uchrashib, ularga yuzaga kelgan holatda amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirganlaridan so‘ng masala tezkorlikda hal etilib, savdo do‘koni va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan muddatli to‘lov shartnomasini bekor qilinishiga hamda nuqsonli tovarni sotuvchiga qaytarilishiga erishildi.
Muhammadjon O‘lmasov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)
Post Comment