Mehnat va sadoqat e’tirofi

Mehnat va sadoqat e’tirofi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasida sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va jamoatchilik bilan ishlash yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh soha vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgan va unda o‘z mehnati, mas’uliyati va kasbiga sadoqati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi insonlarning xizmatlari e’tirof etilgan edi.

Taqdirlanganlar orasida Farg‘ona viloyatining ham munosib vakillari bor. Ulardan biri — Qo‘shtepa tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Saidova Ma’rifatxon Mavlonovna. U 2002 yildan buyon ushbu tizimda rahbar sifatida faoliyat yuritib, aholining iste’mol madaniyati va huquqiy bilimini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Rahbarligi davrida tumanda 72 ta tayanch guruhi tashkil etilgan, 7 mingdan ortiq kishi Federatsiyaga a’zo bo‘lgan. 2002–2026 yillar davomida 540 ta o‘quv seminari va 348 ta davra suhbati o‘tkazilishi ta’minlangan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot ishlari olib borilgan, fuqarolar murojaatlari o‘rganilib, iste’molchilar foydasiga 344 million so‘mlik moddiy manfaat tiklangan.

Farg‘ona viloyatidan taqdirlangan yana bir fidoyi soha vakili — Usmonov Bahodirxon Saydjakabarovich. U 2003 yildan Federatsiya tizimida faoliyat yuritib, turli yillarda Marg‘ilon, Toshloq, Quvasoy, Qo‘shtepa va Farg‘ona shahar hamda tuman jamiyatlarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. Ko‘p yillik faoliyati davomida Furqat, So‘x, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik, Buvayda va O‘zbekiston tumanlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyatini tashkil etishda faol ishtirok etgan. Aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot, murojaatlar bilan ishlash, monitoring va o‘rganuv tadbirlarini tashkil etishdagi tajribasi hamda yosh xodimlarga ustozlik qilib kelayotgani alohida e’tirof etilgan.

Mazkur e’tirof — nafaqat taqdirlangan xodimlarning ko‘p yillik mehnatiga berilgan yuksak baho, balki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barcha xodimlarga bildirilgan hurmat ifodasidir. Zero, iste’molchining buzilgan huquqini tiklash, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy savodxonligi va iste’mol madaniyatini yuksaltirish yo‘lidagi har bir ezgu tashabbus jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bu kabi mehnat e’tirofi sohada ko‘p yillik tajriba va sadoqat an’analarini davom ettirish, yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakatini yanada rivojlantirish uchun muhim ma’naviy rag‘batdir.

Отправить комментарий