Foydalanilmagan gaz uchun 468 ming so‘m qarzdorlik hisoblangan
Kommunal to‘lovlarda paydo bo‘lgan qarzdorlik har doim ham iste’molchining haqiqiy qarzi bo‘lmasligi mumkin. Bunday vaziyatda hisob-kitobni tekshirtirish va o‘z huquqini qonuniy tartibda talab qilish muhim.
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro D. S. xonadoniga tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha 468 000 so‘m miqdorida noreal qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib, Farg‘ona shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Murojaat asosida jamiyat tomonidan “Hududgaz Farg‘ona” GTF rahbari nomiga so‘rovnoma kiritilib, xonadon bo‘yicha hisob-kitoblar qayta o‘rganildi.
O‘rganish natijasida fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan holat o‘z tasdig‘ini topdi. “Hududgaz Farg‘ona” tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, xonadondagi tabiiy gaz bo‘yicha hisob-kitob qayta ko‘rib chiqilib, 468 000 so‘mlik noreal qarzdorlik bartaraf etildi.
Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim saboq: kommunal xizmatlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorlik tushunarsiz yoki asossiz ko‘rinsa, uni shunchaki to‘lashga shoshilmasdan, hisob-kitob asosini so‘rash, mavjud hujjatlarni tekshirish va zarur hollarda murojaat qilish kerak. D. S.ning tashakkurnoma xatida ham muammoni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirilgan.
Xulosa shuki: hisob-kitobda xato bo‘lsa, iste’molchi bunga befarq qarab turmasligi kerak. O‘z huquqini bilish va asosli ravishda talab qilish — muammoning qonuniy yechimini topishga xizmat qiladi.



Отправить комментарий