Bir murojaat — bir muammoning yechimi
Bugungi kunda mobil’ aloqa xizmatlaridan foydalanishda tarif imkoniyatlaridan to‘liq va qulay foydalanish iste’molchi uchun muhim ahamiyatga ega. Ammo ba’zan oddiy ko‘ringan masala ham hal etilishi uchun murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaro R. A. “Oila 7 Smartfon” tarif rejasiga qo‘shimcha mobil’ aloqa raqamini ulash masalasida qiyinchilikka duch kelgan. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilgan.
Murojaat Qo‘shtepa tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, “Beeline” kompaniyasining mas’ul xodimlari bilan bog‘lanildi. Murojaat bo‘yicha texnik bo‘limga tegishli tartibda ariza qoldirildi. O‘rganish natijasida fuqaroning so‘rovi bajarilib, “Oila 7 Smartfon” tarifiga qo‘shimcha raqam ulandi.
Mazkur holat yana bir muhim jihatni ko‘rsatadi: iste’molchi xizmatdan foydalanish jarayonida muammoga duch kelsa, uni hal etilmaydigan masala deb qabul qilib qo‘ymasligi kerak. O‘z huquqi va qonuniy manfaatini himoya qilish uchun murojaat qilish — amaliy natijaga olib keladigan muhim qadam. Qo‘shtepa tuman jamiyatiga kelib tushgan ushbu murojaat ham shu tarzda ijobiy hal etildi.



Отправить комментарий