Kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi
Аxmad Fargʼoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Fargʼona viloyatida «Respublikada, shu jumladan Fargʼona viloyatida boshqariluvchi yuqumli kasalliklarning oldini olishda immunoprofilaktika tadbirlarining ahamiyati» mavzusida matbuot anjumani boʼlib oʼtdi.
Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasi Fargʼona viloyat boshqarmasi masʼullari tomonidan boshqariluvchi yuqumli kasalliklarning oldini olish, aholi oʼrtasida immunoprofilaktika tadbirlarini tashkil etish, mavsumiy kasalliklarga qarshi kurashish va ularning tarqalishini cheklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi masʼullari kirib kelayotgan qish mavsumini xavfsiz va talofatlarsiz oʼtkazish, ehtimoliy favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida maʼruza qildilar. Mazkur yoʼnalishlarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Аnjuman davomida yuqumli kasalliklarning oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish va mavsumiy xavf-xatarlarga tayyorgarlik koʼrishda davlat hamda nodavlat tashkilotlari oʼrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kengaytirish, aholi oʼrtasida targʼibot va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, tibbiy profilaktika tadbirlarining ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar va jamoatchilik vakillarining kun tartibidagi masalalarga oid savollariga masʼullar tomonidan batafsil javoblar berildi.



Отправить комментарий