Nasiyaga xarid qilayotgan iste’molchi nimalarni tekshirishi kerak?
Oylik toʻlovning kichikligi sizni chalgʻitmasin: eng muhimi — xarid uchun jami qancha pul toʻlashingizni bilish!
Bugun maishiy texnika, smartfon, mebel, kiyim-kechak va boshqa koʻplab mahsulotlarni nasiyaga yoki boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan xarid qilish mumkin. Bunday imkoniyat xarajatlarni bir vaqtning oʻzida toʻliq amalga oshirmasdan, zarur mahsulotni xarid qilishga yordam beradi.
Biroq shoshilinch qaror, shartnomani oʻqimasdan imzolash yoki faqat oylik toʻlov miqdoriga qarab xarid qilish keyinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga sabab boʻlishi mumkin.
Xoʻsh, nasiyaga xarid qilayotgan iste’molchi nimalarga e’tibor berishi kerak?
1. Tovarning naqd puldagi va nasiyadagi narxini solishtiring
Eng avvalo, mahsulotning bir yoʻla toʻlangandagi narxi bilan nasiyaga olingandagi umumiy qiymatini taqqoslang.
Masalan, telefonni naqd pulga 6 million soʻmga sotib olish mumkin. Nasiyaga esa 12 oy davomida har oy 600 ming soʻmdan toʻlash taklif etildi.
Hisoblaymiz:
600 000 × 12 = 7 200 000 soʻm.
Demak, nasiyadagi umumiy toʻlov naqd narxdan 1 million 200 ming soʻmga koʻp. Agar boshlangʻich toʻlov yoki boshqa majburiy xarajatlar mavjud boʻlsa, ularni ham hisobga olish lozim.
Bu misol shartli. Haqiqiy xarajatni aniqlash uchun shartnomadagi barcha toʻlovlarni tekshirish kerak.
2. «Foizsiz nasiyaga» degan taklifni sinchiklab oʻrganing
Reklamada «0 foiz», «foizsiz toʻlov» yoki «ortiqcha xarajatlarsiz» degan iboralar uchrashi mumkin. Ammo bunday yozuvning oʻzi xarid haqiqatan ham qoʻshimcha xarajatlarsiz ekanini anglatmaydi.
Tovarning nasiyadagi narxi naqd puldagi narxidan yuqori boʻlishi, shuningdek, xizmat haqi, komissiya yoki boshqa toʻlovlar nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.
Shuning uchun sotuvchi yoki moliyaviy xizmat koʻrsatuvchidan quyidagilarni aniqlashtiring:
— naqd pulda toʻlasam, tovar qancha turadi?
— nasiyaga olsam, jami qancha toʻlayman?
— boshlangʻich toʻlov bormi?
— qoʻshimcha xizmatlar uchun haq olinadimi?
— kechiktirilgan toʻlov uchun qanday javobgarlik belgilangan?
3. Shartnomani oʻqimasdan imzolamang
«Bu oddiy rasmiyatchilik», «hamma shunday oladi» yoki «bu yerga imzo qoʻysangiz boʻldi» kabi gaplarga ishonib, hujjatni oʻqimasdan imzolashga shoshilmang.
Shartnomada quyidagi ma’lumotlar aniq koʻrsatilganiga e’tibor bering:
— tovarning nomi va qiymati;
— boshlangʻich toʻlov miqdori;
— nasiyaning muddati va umumiy summasi;
— oylik toʻlov miqdori va sanalari;
— foiz, komissiya va boshqa toʻlovlar;
— toʻlov kechiktirilganda qoʻllanadigan choralar;
— shartnomani muddatidan oldin yopish tartibi;
— shartnomani bekor qilish shartlari.
Agar xarid bank yoki boshqa kredit tashkiloti orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa, kreditning toʻliq qiymati, foiz stavkasi va kredit bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni ham tekshiring.
Yodingizda boʻlsin: imzolangan shartnoma sizning huquqlaringiz bilan birga majburiyatlaringizni ham belgilaydi.
4. Oylik toʻlov oilaviy budjetingizga mos keladimi?
Nasiyaga xarid qilishdan oldin faqat bugungi daromadingizni emas, kelgusi oylardagi xarajatlaringizni ham hisobga oling.
Masalan, har oy 800 ming soʻmdan toʻlash imkoniyatingiz bor deb hisoblashingiz mumkin. Ammo kommunal toʻlovlar, oziq-ovqat, ta’lim, davolanish va boshqa zarur xarajatlar ham mavjud.
Shu sababli quyidagi savollarga javob bering:
— daromadim kamayib qolsa ham toʻlovni amalga oshira olamanmi?
— boshqa kredit yoki nasiyadagi qarzlarim bormi?
— toʻlov sanasida yetarli mablagʻ boʻladimi?
— ushbu mahsulot hozir haqiqatan ham zarurmi?
Bir vaqtning oʻzida bir nechta nasiyaviy majburiyatni olish oilaviy budjetga ortiqcha yuk tushirishi mumkin.
5. Toʻlov kechiksa, nima boʻlishini oldindan biling
Nasiyadagi toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmaslik shartnomaga qarab qoʻshimcha xarajatlar, qarzdorlik va boshqa huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun toʻlov muddati, kechikish uchun hisoblanadigan penya yoki boshqa choralar, qarzdorlikni undirish tartibi bilan oldindan tanishing.
Agar toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirishda qiyinchilik yuzaga kelsa, muammoni yashirish oʻrniga shartnomada koʻrsatilgan tashkilotga imkon qadar tezroq murojaat qiling.
Toʻlov jadvalini telefoningizga kiriting, eslatma oʻrnating va har bir toʻlovning tasdigʻini saqlab boring.
6. Tovar nuqsonli chiqsa, nima qilish kerak?
Nasiyaga xarid qilingan mahsulotning sifatsiz yoki nuqsonli chiqishi iste’molchi uchun qoʻshimcha savollarni yuzaga keltirishi mumkin. Bunday vaziyatda tovarni sotib olganingizni va undagi nuqsonni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash muhim.
Agar mahsulotda nuqson aniqlansa:
- Nuqsonni foto yoki videoga oling.
- Xarid hujjatlari, toʻlov ma’lumotlari va shartnomani saqlang.
- Sotuvchiga yozma talab bilan murojaat qiling.
- Tovarning holati va shartnoma turiga qarab, qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlaringizdan foydalaning.
Tovarni kredit yoki nasiyaga olganingiz uning sifati boʻyicha talab bildirish huquqidan avtomatik ravishda mahrum qilmaydi. Biroq tovarni qaytarish, shartnomani bekor qilish va kredit majburiyatlarini toʻxtatish bir xil masala emas. Ularning har biri boʻyicha tegishli tartibga amal qilish kerak.
Muhim: nuqsonli tovar boʻyicha sotuvchiga murojaat qilganingizning oʻzi kredit yoki nasiyaviy toʻlovlar avtomatik toʻxtashini anglatmaydi. Moliyaviy shartnoma boʻyicha majburiyatlaringizni ham alohida aniqlashtiring.
7. Shartnoma va toʻlov hujjatlarini saqlang
Nasiyaga xarid qilinganda iste’molchi shartnoma nusxasi, toʻlov jadvali, chek, elektron tasdiqlar va sotuvchi bilan yozishmalarni saqlab qoʻyishi kerak.
Agar xarid onlayn amalga oshirilsa, buyurtma raqami, mahsulot tavsifi, narxi va toʻlov shartlari aks yetgan sahifalarning skrinshotlarini ham saqlash foydali.
Bu hujjatlar kelgusida toʻlovlar, mahsulot sifati yoki shartnoma shartlari boʻyicha kelishmovchilik yuzaga kelganida muhim dalil boʻlishi mumkin.
Xulosa: nasiyaga xarid qilishdan oldin 5 daqiqa ajrating!
Nasiyaga xarid qilishning oʻzi notoʻgʻri qaror emas. Muhimi, xaridni oʻz imkoniyatingizga mos ravishda amalga oshirish va shartlarni toʻliq tushunishdir.
Xarid qilishdan oldin besh narsani unutmang:
1. Narxni solishtiring.
2. Jami toʻlovni hisoblang.
3. Shartnomani oʻqing.
4. Oylik toʻlov imkoniyatingizni baholang.
5. Hujjatlarni saqlang.
Unutmang, reklamadagi kichik oylik toʻlov emas, sizning haqiqiy moliyaviy imkoniyatingiz va shartnomaning toʻliq mazmuni muhim.
Iste’molchi sifatida huquqlaringiz buzilgan yoki shartnoma shartlari yuzasidan tushunmovchilik yuzaga kelgan taqdirda, Oʻzbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi va hududiy iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishingiz mumkin.
1091 — Federasiyaning ishonch telefoni.
https://murojaat.istemol.uz — yelektron murojaat yuborish manzili.
Huquqingizni biling, hisob-kitobni tekshiring va moliyaviy qarorlarni shoshilmasdan qabul qiling!



Отправить комментарий