Tovarda nuqson yo‘q, lekin men uni almashtirib olmoqchiman️
Almashtirib olish muddatlari qanaqa?
Almashtirilmaydigan tovar bo‘lsa nima qilaman?
Men sotib olgan tovar kiyim-kechak bo‘lsachi?
Nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Sotuvchi menga chek berishi shartmi?
Almashtirib olish muddatlari
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilsa yoki nuqsonlar undan foydalanish jarayonida aniqlansa, iste’molchi ushbu tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib olish huquqiga ega. Lekin iste’molchining tovarni almashtirish istagi nuqsonlar bilan bog‘liq bo‘lmasachi?
Aytaylik, uning rangi yoki razmeri mos kelmadi. Bu holat mazkur qonunning 18-moddasi bilan tartibga solinadi.
Unga ko‘ra, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini uni sotib olgan joydagi sotuvchidan 10 kun muddat ichida xuddi shunday tovarga almashtirib olishga haqli.
Almashtirilmaydigan tovarlar
Maqbul sifatdagi almashtirilishi uchun ushbu tovar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 1-ilovasida ko‘rsatilgan “Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati”ga kiritilmagan bo‘lishi talab etiladi. Agar tovar ushbu ro‘yxatda bo‘lsa, faqatgina mahsulotda nuqson bo‘lgan holatdagina uni almashtirib olish yoki pulini qaytarib olish mumkin.
Yana bir holat, tovar yuqoridagi ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa-yu, agar oldi-sotdi jarayonida iste’molchi va sotuvchi o‘rtasida tovarni almashtirib berilishi to‘g‘risida kelishuv (og‘zaki yoki boshqa shakldagi shartnoma) bo‘lgan taqdirda ham uni almashtirib olish yoki pulini qaytarib olish mumkin bo‘ladi.
Kiyim-kechaklar misolida ko‘rib chiqaylik
Avvalo shuni aytib o‘tishimiz kerakki, kiyim-kechaklarning aksariyati “Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati”ning 5-bandi (“Tikuvchilik va trikotaj buyumlari”) talablariga mos kelib qoladi. Shu sababdan ham kiyim-kechak sotib olayotganda iste’molchidan bu borada biroz ziyraklik ham talab qilinadi.
Nooziq-ovqat tovarlari turkumiga kiruvchi kiyim-kechaklarning maqbul sifatda bo‘lganlarini almashtirish jarayonida yuzaga kelgan ⚔️ nizolarda birinchi e’tibor kiyim-kechakning inson tanasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontakda bo‘ladimi yoki yo‘qmi, degan holatga qaratiladi. Aytaylik, ich kiyimlar tanaga yopishib, u bilan to‘liq kontakda turadi. Ko‘ylak tana bilan qisman kontakda bo‘ladi (orada ich kiyim bor). Lekin pidjak inson tanasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontakda turuvchi kiyim turi emas. Sababi uning ostida ko‘ylak yoki kamida futbolka bo‘lishi odatiy hol.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin. Axir sotuvchi huzurida ham ich kiyimlar kiyib ko‘rib olinishi mumkinku, bunda ham kiyim tana bilan kontakda bo‘ladiku?
To‘g‘ri, bu gapda ham jon bor, lekin ushbu holatda ich kiyim inson tanasi bilan qisqa muddatli kontakda bo‘ladi. Xaridorga esa sotuvchi huzurida kiyimni hech bo‘lmaganda bir marta kiyib, o‘ziga mos kelishi yoki kelmasligini tekshirib olishini cheklashning esa iloji ham yo‘q.
Endi ich kiyim uyga olib ketilib, ertasiga qaytarib kelingan holatni olib ko‘raylik. Bunda xaridor uni bir martagina kiyib ko‘rdimi yoki kiyib 1 soat o‘tirdimi yoxud uni boshqalar ham kiyib ko‘rmadimi, degan savollarga ishonch bilan javob berib bo‘lmaydi. Shuning uchun bunday turdagi kiyimlarni qaytarilmaydigan tovarlar turkumiga kiritilgan.
Quyidagilarga jiddiy e’tibor qarating
Maqbul sifatdagi tovarni almashtirib olishning eng asosiy talablari: almashtirish uchun qaytarilayotgan tovar iste’mol qilinmagan bo‘lishi, uning tovar ko‘rinishi, iste’mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan bo‘lishi, shuningdek ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti mavjud bo‘lishi kerakligidir.
Demak, ertaga yoki 10 kun ichida almashtirishga qaytarib olib boriladigan tovar bilan juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, yuqoridagi misollarimizdan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsak, almashtirilishi mumkin bo‘lgan toifaga kiradigan kiyimlarning tovar ko‘rinishiga ziyon yetkazib qo‘ymaslik (ifloslangan qo‘llar bilan ushlash, dog‘lar tegib qolishi va hakozo), agar plombasi bo‘lsa uni buzib qo‘ymaslik, yorliqlarini uzib tashlamaslik, u korobkada bo‘lsa unga ziyon yetkazmaslik choralarini ko‘rish talab etiladi.
Chek yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni olishni unutmang
Shu o‘rinda Qonunning 13-moddasi beshinchi qismida iste’molchining nuqsonli tovar bilan bog‘liq nizolarini ko‘rib chiqilishida iste’molchi talablari kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatni taqdim etgan holatdagina ko‘rib chiqilishi bo‘yicha norma belgilangan. Lekin maqbul sifatdagi tovarni almashtirish bilan bog‘liq holatlarni tartibga soluvchi 18-moddasida esa bunday norma ko‘rsatib o‘tilmagan. Biroq “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 22-bandida “ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti mavjud bo‘lishi” degan shart qo‘yilmoqda. Isbot esa albatta, qandaydir hujjat bilan bog‘liq tushunchadir.
Amaldagi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, oldi-sotdi amalga oshirilgach, iste’molchiga kassa yoki tovar cheki taqdim qilinishi shart.
“O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 22-bandiga ko‘ra, chakana savdoni nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan amalga oshirayotgan sotuvchi — yakka tartibdagi tadbirkor xaridorga sotib olingan tovar bilan birgalikda sotuvchining familiyasi va imzosi, yakka tartibdagi tadbirkorning (yuridik shaxs bo‘lmagan dehqon xo‘jaligining) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning tartib raqami, tovar sotilgan sana va uning qiymati ko‘rsatilgan holda kvitansiya yoki shunga o‘xshash hujjatni berishi shart.
Shuning uchun oldi-sotdi amalga oshirilishi jarayonida, sotuvchidan kassa yoki tovar cheki berilishini talab qilishimiz, hech bo‘lmaganda Qoidalarning 22-bandida ko‘rsatib o‘tilganidek, kvitansiya yoki shunga o‘xshash hujjat yozdirib olishimiz lozim.
Agar sotuvchi qonuniy talabingizga ko‘ra, kassa yoki tovar chekini yoxud uning o‘rnini bosuvchi hujjatni Sizga taqdim qilishdan bosh tortsa, yaxshisi bunday sotuvchilardan tovarlar (ayniqsa uzoqroq muddat foydalaniladigan tovarlarni) sotib olmagan ma’qul. Shuning bilan birgalikda, mazkur holat yuzasidan joyida soliq idoralariga xabar berilishi maqsadga muvofiqdir.
G‘ayrat Mamatqulov
O‘IHHQJ Federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi sektor boshlig‘i
Отправить комментарий