Istemolchilarga ma’lumotlar davlat tilida berilishi kerak || Brifing
Assalomu alaykum hurmatli brifing ishtirokchilari!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasi tomonidan Federatsiya Ustavi bilan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini ximoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari, Hukumatimizning “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarorlari bilan belgilab berilgan huquq va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga 2022 yilning 18 yanvarida 746-son qonun bilan kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni hayotga joriy qilinishi ahvolini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish maqsadida, viloyat hududidagi aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda, tanlama asosda, kuzatuv (o‘rganish) ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlarida asosiy e’tibor iste’molchilarning asosiy huquqlaridan biri bo‘lgan ma’lumot olish huquqining, xususan qonunga oxirgi kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan davlat tilida ma’lumot olish huquqini ta’minlab berilayotganligi holatiga qaratildi.
Ma’lumki, qonunning 5-moddasiga asosan, ishlab chiqaruvchi o‘z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilishi shart. Bunday ma’lumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida ko‘rsatilgan bo‘lishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim.
Sotuvchi (ijrochi) o‘z tashkilotining firma nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini iste’molchilarga ma’lum qilishi shart. Bunday ma’lumot lavhada aks ettirilishi lozim.
Sotuvchi (ijrochi) iste’molchiga tovarlar savdosi, maishiy va boshqa turdagi xizmat ko‘rsatishning qoidalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishi shart.
6-moddasiga asosan esa, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
Qonunimizga oxirgi kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumot hamda tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin. Albatta, bu yerda qo‘shimcha ravishda degan so‘zga e’tibor qaratish kerak. Bu ma’lumot davlat tilida taqdim etilishi lozimligini va u boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligini bildiradi.
O‘rganish ishlari viloyatimiz tuman va shaharlaridagi ayrim korxona, tashkilot, idora va muassasalarda tanlama asosda amalga oshirildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘rganishlar davomida ma’lumotlarni davlat tilida berilishiga asosiy e’tibor qaratilib, ushbu jarayonda tegishli o‘rinlarda davlat tilida berilayotgan ma’lumotlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida berilishi yuzasidan ham Hukumat topshiriqlaridan kelib chiquvchi tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.
O‘rganishlar tanlama asosda olib borilganligidan, uning asosiy maqsadi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning joriy yil aprel oyi o‘rtalaridan kuchga kirgan davlat tiliga taalluqli normalari ijrosiga qanday e’tibor qaratilayotganligini dastlabki o‘rganishdan iborat bo‘lganligidan kelib chiqqan holda, mazkur o‘rganishlar natijalari butun viloyat bo‘yicha haqiqiy holatni ifoda eta olmasligini e’tirof etib o‘tishimiz lozim. Shu o‘rinda, o‘rganishlar bilan qamrab olingan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda kuzatilgan ayrim kamchiliklarni joyida bartaraf etilishi choralari ko‘rilganini, ayrimlarini tuzatilishi bo‘yicha ularning mas’ullariga tushuntirishlar olib borilganligini va bu holat Federatsiya tizimi tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan keyingi o‘rganishda yana qaytadan jamoatchilik nazoratidan o‘tkazilishini ma’lum qilamiz.
Hurmatli iste’molchilar va korxona, tashkilot, idora va muassasalarning mas’ullari!
Fursatdan foydalanib sizlarning e’tiboringizni quyidagilarga qaratib o‘tmoqchimiz:
2020 yil 20 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6084-sonli Farmoni qabul qilingan bo‘lib, uning 1-ilovasi bilan “2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlangan. Konsepsiyada davlat tilimizni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilanib, bir qator maqsadli vazifalarga erishish ko‘zda tutilgan. Xususan, o‘zbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy hayotida obro‘-e’tiborini oshirish, jamiyatda davlat tiliga hurmat-e’tibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish, respublikamiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida davlat tilining to‘liq joriy etilishini ta’minlash, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va boshqalar shular jumlasidandir.
Yuqorida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ham davlat tili bo‘yicha normalar kiritilganligini aytib o‘tdik.
Mazkur qonunning 7-moddasiga ko‘ra, agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo‘lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko‘pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
Demak, biz iste’molchilar qonun bilan belgilab berilgan huquqlarimizdan o‘z o‘rnida va to‘g‘ri foydalana olishimiz, sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqaruvchilar esa xuddi shu qonun bilan belgilab berilgan majburiyatlari to‘laqonli bajarilishini ta’minlab berishlari lozim.
Unutmang!
Qonunning 23-moddasiga ko‘ra, davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega.
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
Youtube kanalimizda ko`ring:
G`ayrat Mamatkulov
Hududiy birlashma Axborot xizmati rahbari
Отправить комментарий