Aholiga suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berishdagi kechikishlar sabablari nimada?
2023 yilning 2-yarim yilligi davomida Beshariq tumanida aholiga suyultirilgan uglevodorod (propan) gazi yetkazib berilishida uzilishlar kuzatilmoqda. Bu holni tumangaz idorasi xodimlari tomonidan asoslab berilmayapti. Ular tomonidan keltirilayotgan maishiy sabablar muammolar yechimini topishga yordam ham, asos ham bo‘la olmaydi.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish muddatlariga amal qilinmagani sababli xonadonlar 50-60 kun mobaynida ham suyultirilgan gaz bilan ta’min etilmayapti. Jumladan, Beshariq tumani «Yuqori Tovul» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S.X.ning tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaatida suyultirilgan gaz bilan ikki oy mobaynida ta’minlanmaganligi bayon qilingan. O‘rganish davomida haqiqatdan ham ta’minotchi tashkilot tomonidan tasdiqlangan grafik bo‘yicha hududlarga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish muddatlariga amal qilishda muammolar yuzaga kelib, aholi xonadonlariga yetkazib berish muddati 45 kundan 60 kungacha bo‘lgan muddat oralig‘iga kechikkanligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur murojaat ta’minotchi korxona rahbariyati tomonidan alohida nazorat va ijroga qaratilib, fuqaro yashab turgan hudud aholi xonadonlariga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berish ta’minlandi. Shuningdek, fuqarolarga maishiy gaz ballonlarini yetkazib berish tartib-qoidalari va undan samarali foydalanish, ta’minotdagi vaqtinchalik kechikish sabablari haqida tushuntirishlar berib o‘tildi.
Baxtiyor Jo‘rayev,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illustrativ foto)
Отправить комментарий