Iste’molchining nuqsonli tovarni almashtirish borasidagi murojaati qanoatlantirildi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Asqarova ko‘chasida yashovchi S.U.ning xarid qilingan noutbuk nuqsonli chiqqach, uni almashtirish bo‘yicha talabining sotuvchi tomonidan qanoatlantirilmayotganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u shaharning Dehqon bozori hududidagi komp’yuter va aksessuarlar do‘konidan 4 800 000 so‘mga HP rusumidagi noutbukni 1 yillik kafolat muddati bilan xarid qilgan. Lekin undan 2-3 kun davomida foydalanishi jarayonida qurilmaning sovutish qismida nuqson mavjudligini aniqlagan. Sotuvchiga bu boradagi e’tirozini bildirib, uni boshqasiga almashtirish bo‘yicha qo‘ygan talabi esa qanoatlantirilmagan.
Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, iste’molchi xarid qilingan tovarda kafolat muddatida nuqsonlarni aniqlagan taqdirda mazkur tovarni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib olish talabini qo‘yishga haqli. Uning nuqsonli tovarni almashtirish borasidagi talabi yetti kunlik muddat ichida, tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirish zarurati bo‘lgan taqdirda esa yigirma kunlik muddat ichida qanoatlantirilishi shart. Ushbu muddatlarga amal qilinmasligi va o‘tkazib yuborilishi esa sotuvchi zimmasiga nuqsonli tovarni almashtirib berish bilan birgalikda, o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun neustoyka (penya) to‘lash majburiyatini ham yuklaydi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchiga qonunchilikning yuqoridagi talablari tushuntirilgach, iste’molchining nuqsonli qurilmasi xuddi shunday rusumdagi boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
Отправить комментарий