Masalaga jamiyat aralashgach yana bir sud buyrug‘i bekor qilinishiga erishildi
Farg‘ona shahar «Jo‘ydam» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A.D. o‘z murojaatida yashash hududlaridan chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonadan qarzdorligi bo‘lmagani holda ularning xonadoniga nisbatan ikki million so‘mga yaqin qarzdorlik va sud harajatlari bilan bog‘liq boshqa to‘lovlarni bartaraf qilish lozimligi yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilganini, shu asosda oylik ish haqidan mablag‘ ushlab qolinayotganligini bildirib, masalaga oydinlik kiritib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Darhaqiqat, fuqaroning qo‘liga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2-1501-2302/42627-sonli sud buyrug‘i berilgan bo‘lib, unga ko‘ra fuqarodan «Qirguli kommunal servis» MChJ foydasiga 1 628 000 so‘m asosiy qarz, shuningdek 16 500 so‘m pochta harajatlari va 330 000 so‘m davlat boji, jami bo‘lib, 1 974 500 so‘m pul mablag‘i undirilishi belgilangan. Sud buyrug‘i Majburiy ijro byurosiga chiqarilib, uni ijro qilish harakatlari boshlangan, ya’ni mablag‘ni bo‘lib-bo‘lib fuqaroning oylik ish haqidan ushlab qolinishi chora-tadbirlari ko‘rilgan. Shu o‘rinda, sud buyrug‘i chiqarilgan vaqtda fuqaroning qo‘lida yuqoridagi korxona xizmatlari uchun to‘lovlardan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ham bo‘lganligini aytib o‘tish joiz.
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari masalani o‘rganib chiqib, fuqaro nomidan sudga qonun talabidagi e’tiroznoma tayyorlab kiritganlaridan so‘ng, e’tiroznoma Farg‘ona tumanlararo sudida joriy yiling 9 oktabr kunida ko‘rib chiqildi hamda ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra sud 2-1501-2302/42627-sonli sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida ajrim chiqardi.
Azamatjon Babayev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий