Jahon maydonida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasi
Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi. Yosh haqidagi ma’lumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari yoki oliy ta’limga qabul qilinadigan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan ta’minlashni rejalashtirish uchun zarur.
Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o‘zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim ma’lumotlarni to‘plashga erishamiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.
Ro‘yxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi ma’lumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va rag‘batlantirishga yo‘l ochadi. Biznes vakillari ro‘yxatga olish ma’lumotlari orqali mehnat hamda iste’mol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi to‘g‘risida to‘planadigan ma’lumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor 2023 yilda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Aholini ro‘yxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’i nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining soni, fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jaliginining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi 2020-yil 16- martda qabul qilingan Qonunining 3-moddasi me’yoriy-huquqiy hujjatning asosiy tushunchalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ro‘yxatga olish ishlarining sub’ektlaridan biri bo‘lgan respondent tushunchasiga ta’rif berilgan. Respondent — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari.
Ushbu qonunning 23-moddasi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga oid bo‘lib, unda bevosita aholini ro‘yxatga olish ishlarida respondentlar ishtirokini amalga oshirishning asosiy mezonlari ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, respondentlar so‘rovi ular yashaydigan xonadonlarda yoki ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun ajratilgan xonalarda olib borilishi, so‘rov davlat tilida o‘tkazilishi, davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkinligi, ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldirilishi, ro‘yxatga olish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga etmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga etgan a’zolari, shu jumladan vasiylar va homiylar tomonidan ma’lum qilinishi, respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldirilishi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi ta’minlanishi, aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanishi belgilab berilgan. Aholini ro‘yxatga olish ishlarining samarali tashkil etilishi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga qat’iy rioya qilinishiga bevosita bog‘liqdir. Shu boisdan, ushbu jarayonda yuqoridagi qoidalarga rioya etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Alisher Abdurazakov,
Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.
Отправить комментарий