Sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli va xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholi (iste’molchilar)ga ko‘rsatilayotgan xizmatlar o‘rganildi

Sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli va xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholi (iste’molchilar)ga ko‘rsatilayotgan xizmatlar o‘rganildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, tanlama asosda, sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli va xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholiga (iste’molchilarga) ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, yaratilgan sharoitlar, sanitariya-gigiena talablariga rioya qilinishi holatlarini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish o‘tkazildi.

Ushbu yo‘nalishdagi o‘rganish ishlarida asosiy e’tibor koykali (bemorlar yotib davolanuvchi) tibbiyot muassalariga qaratilib, tanlama asosda o‘rganilgan 67 ta muassasaning 44 tasi davlat, 23 tasi xususiy shifoxonalardan iborat bo‘ldi. Muassalarning loyiha quvvati jami 3095 ta bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘rganish vaqtida haqiqatda 3052 ta koyka quvvati bilan, 2359 ta bemorga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilayotgani kuzatildi.

O‘rganishda xizmat ko‘rsatuvchining to‘liq nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilishi shartligi va bunday ma’lumot lavhada aks ettirilishi lozimligi talabi 9 ta muassasalarda, iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga o‘z sohasiga oid xizmat ko‘rsatish qoidalaridan ko‘chirmalar, lisenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha lisenziyalardan nusxalar axborot yoki iste’molchi burchagiga qo‘yilishi lozimligi talabi 19 ta muassasalarda va o‘zi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilishi shartligi bo‘yicha talablar 19 ta muassasalarda ijrosi qisman ta’minlanishi yoki ta’minlanmaslik holatlari kuzatildi.

Bemorlarni tibbiyot muassasasi tomonidan maxsus ko‘rpa-to‘shaklar bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotgan bo‘lsada, aksariyat shifoxonalarda bemorlar uy kiyimida davolanmoqda. 6 ta muassasada bemorlar yotadigan xonalardagi mebellarning ayrimlari ta’mirtalab holatga kelib qolgan, 1 tasida esa mebellar talabga javob bermaydigan holatga kelib qolgan. Tibbiyot muassasalaridan 3 tasidagi bemorlar yotadigan xonalar haroratini kunning issiq va sovuq mavsumlarida mo‘’tadil ushlab turish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ham talab darajasida deb bo‘lmaydi. Muassasalarning 2 tasida kutish zallari tashkil qilinmagan, 4 tasidagi kutish zallari sig‘imi va ulardagi mebellar holati talabga javob bermaydi. O‘rganilgan shifoxonalarning 16 tasida bemorlarni ko‘rishga kelganlar uchun alohida, maxsus xalatlar ajratilmagan. Bularning 7 tasi davlat, 9 tasi xususiy shifoxonalardir. Davolash xarajatlarini to‘lig‘icha bemorlar hisobidan undirib oladigan xususiy shifoxonalarda bu borada kamchiliklarni yuzaga kelishi achinarli holat hisoblanadi.

Iste’molchida xarid qilinayotgan tovar (ish, xizmat)ning sifati, vazni, butligi va narxini tekshirib olish huquqi mavjudligidan kelib chiqib, muassasalarda foydalanishda bo‘lgan tibbiy va diagnostik asbob-uskunalarning tegishli hujjatlari mavjudligi so‘rab ko‘rilganda, ularning 7 tasi tomonidan bunday hujjatlarni taqdim qila olmaganlar.
Foydalanishda bo‘lgan asbob-uskunalarning to‘g‘ri ishlayotganligini tasdiqlovchi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tganligi to‘grisida hujjati mavjudligi ko‘rilganda, ulardan 8 tasida ushbu hujjatlarning mavjudligi, lekin to‘liq emasligi, 4 tasida esa mavjud emasligi qayd qilingan.

Muassasalarning 4 tasida xizmatlardan foydalanuvchilarga to‘lovlarni to‘lashda, o‘z tanlovi asosida, naqd pulda yoki naqdsiz to‘langanda to‘lovlarni qonuniy qayd qilinishi uskunalari (ham NKM, ham to‘lov terminali)ning bo‘lishi lozimligi yuzasidan talablar to‘liq bajarilmaganligi, 61 % muassasalarda xizmatlardan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanuvchilar toifasi haqidagi ma’lumotlar to‘lovlarni amalga oshirish joylaridagi iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga qo‘yilmaganligi, 2 ta tibbiyot muassasasida to‘lovlar amalga oshirilganda tegishli uskunalar (NKM, to‘lov terminali) mavjud bo‘lgani holda, ulardan foydalanmaslik holatlari, 12 ta tibbiyot muassasasida esa tovar (ish, xizmat)larga to‘lovlarni amalga oshirish uchun CLICK vositasidan foydalanish holatlari mavjudligi kuzatilgan.

Shuningdek, muassasalarning 8 tasida umumiy sanitariya-gigiena holatlari, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketilishi, bino, inshootlar, foydalanishdagi asbob uskuna va jixozlar bilan bog‘liq boshqa xavf-xatarlar, tibbiy chiqindilarni utilizasiya qilish talablariga rioya qilmaslik, yong‘in xavfsizligi talablarini bajarilmaganligi, oshxona chiqindilari (turli yog‘lar va b.)ni filtrlashdan o‘tkazilmasdan oqova suvlariga yoki kanalizasiya tarmog‘iga tashlanishi kabi salbiy holatlardan bir yoki bir nechtasi kuzatilgan.

O‘rganilgan tibbiyot muassasalarida iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistash, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish holatlari qayd qilinmagan.

Отправить комментарий