Yechimi topmay turgan masalada qonun ustivorligi ta’minlandi

Yechimi topmay turgan masalada qonun ustivorligi ta’minlandi

Yangi Marg‘ilon shaharchasida istiqomat qiluvchi N.Bobojonova hududiy birlashmaga yozma ravishda murojaat qilib, Farg‘ona shahrida Xitoydan import qilingan elektr pech sotib olganligini, lekin sotib olingan pechni uy sharoitida ishlata olmaganligi sababli sotuvchiga qaytarib bergan bo‘lsada, hozirgi kunga qadar pulini ololmaganligini, pulini tezroq qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragandi.

Hududiy birlashma xodimi murojaatni o‘rganish doirasida sotuvchi bilan bog‘lanib holatga aniqlik kiritdi. O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi tomonidan sotib olingan elektr pech 380 V kuchlanishdagi elektr tokida ishlashga moslashtirilgan ekan. Iste’molchiga esa bu haqda yetarli darajada tushuntirishlar berilmagan. Pechni xonadonga olib kelib ustalar yordamida tarmoqqa ulangach, ma’lum vaqt o‘tib kabellarga kuch kelishi natijasida yoqimsiz hid ham sezilgan. Shundan so‘ng, fuqaro bu haqda sotuvchiga xabar bergan, sotuvchi vakillari kelib pechni qaytarib olib ketganlar. Iste’molchining pulini qaytarish masalasi esa pech boshqa odamga sotilsa keyin, degan vaj bilan ortga surib kelingan.

Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, agar tovarni iste’molchiga sotish jaaryonida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lsa va bu holat zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir. Xo‘p, yuqoridagi holatda shartnoma bekor qilingan, lekin pulni qaytarish masalasichi?

Ushbu holat bo‘yicha Fuqarolik kodeksining 242–moddasidan yechim izlaymiz. Unga ko‘ra, agar majburiyatni bajarish muddati ko‘rsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa — ijroni har qachon amalga oshirishga haqli bo‘ladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.

Demak, bundan anglashiladiki, yuqoridagi holatda sotuvchi N.Bobojonovaga tovar uchun to‘lagan pulini qaytarish ishlarini u tegishli talabni qo‘ygan paytdan boshlab yetti kun muddat ichida bajarishi lozim bo‘ladi.

Fuqaro murojaatini o‘rganish jarayonida qonunning yuqoridagi talablari bo‘yicha sotuvchiga tushuntirishlar olib borildi. Natijada iste’molchi va sotuvchi o‘rtasida kelishuvga erishilib, iste’molchi 3 700 000 ming miqdoridagi pulini qaytarib olganligi bois uning murojaatini o‘rganish ishlarini to‘xtatishni so‘rab hududiy birlashmaga qo‘shimcha ariza yozib berdi.

Faxriddin Boynazarov
Hududiy birlashmasi sektor boshlig‘i

Отправить комментарий