Nuqsonli tovar qonun talabini bajarmagan sotuvchiga qaytarildi

Nuqsonli tovar qonun talabini bajarmagan sotuvchiga qaytarildi

Qo‘qon shahrining Alisher Navoiy mavzesida istiqomat qiluvchi N.Tursunqulov o‘tgan yilning may oyida shahardagi “Hamroh” kredit savdo do‘konidan SAMSUNG GALAXY A-40 rusumli uyali aloqa vositasini 4 464 880 (to‘rt million to‘rt yuz oltmish to‘rt ming sakkiz yuz sakson) so‘mga muddatli to‘lov sharti bilan oldi-sotdi shartnomasiga asosan xarid qilgan.

Xarid qilingan ushbu uyali aloqa vositasiga belgilangan kafolat muddati ichida nuqson kuzatilgan. Iste’molchi sotuvchiga uchrashib, uyali aloqa vositasidagi nosozlik, ya’ni suhbat chog‘ida bexosdan o‘chib qolayotganligidan shikoyat qilgan. Sotuvchi vakillari esa iste’molchiga bu masalada SAMSUNG servisga uchrashishligini tushuntirganlar. Biroq servis kompaniyasi mutaxassislari negadir ushbu uyali aloqa vositasi Qirg‘izistonda ishlab chiqarilganligini aytib, kafolat muddati ichida bepul ta’mirlash ishlarini amalga oshira olmasliklarini bildirganlar.

Shundan so‘ng iste’molchi yana kredit savdo do‘koniga kelgan va servis kompaniyasi mutaxassislarining telefon masalasidagi fikrlarini yetkazgan. Lekin sotuvchi tomoni iste’molchiga ushbu masalada yordam bera olmasligi ma’lum qilingan.

Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga sotilgan tovarda kafolat muddati ichida nuqsonlar aniqlansa, u ushbu tovardagi nuqsonlarni bepul bartaraf etilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lib, mazkur moddaning to‘rtinchi qismiga asosan iste’molchi o‘z talablarini sotuvchiga qo‘yadi.

Qonunning 15-moddasiga ko‘ra esa sotuvchi iste’molchining nuqsonlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi talabi qo‘yilgan kundan boshlab yigirma kun ichida tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etilishi choralarini ko‘rishi lozim.

Iste’molchining murojaati Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga qonunning yuqoridagi talablari tushuntirildi.

Mutaxassislarning o‘rganish natijalari bilan kelingan qaroriga hamda qonunning 16-moddasiga asosan sotuvchi iste’molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmaganligidan kelib chiqib, iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga hamda iste’molchi tomonidan oyma-oy to‘lab borilgan 3 204 000 (uch million ikki yuz to‘rt ming) so‘m pullarni qaytarilishiga erishildi.

Asrorjon Mamatqulov
Qo‘qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий