Yoqmaganligi vaji bilan har qanday tovarni ham almashtirib ololmaysiz

Yoqmaganligi vaji bilan har qanday tovarni ham almashtirib ololmaysiz

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida fuqaro G.M.ning ichki ishlar idorasining ishonch telefoniga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha o‘rganildi.

Murojaatda aytilishicha, G. M. Toshloq tumanida joylashgan “Texnomart” kredit savdo do‘konidan “Artel” markali kir yuvish mashinasini kredit shartlarida xarid qilgan. Ammo xonadonga keltirilib o‘rnatilgan kir yuvish mashinasi iste’molchiga ma’qul kelmagan. Shu tufayli u savdo do‘koniga murojaat qilib, maishiy texnikani boshqa turdagisiga almashtirib berishlarini so‘ragan. O‘z so‘roviga rad javobini olgan iste’molchi ushbu masalani ko‘rib chiqib, qonuniy hal qilib berilishini so‘rab huquqni muhofaza qilish idorasiga murojaat qilgan.

Ushbu murojaatni ko‘rib chiqishda bir narsaga alohida e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Ya’ni iste’molchi murojaatida xarid qilingan kir yuvish mashinasida nuqsonlar mavjudligi emas, balki uning qaysidir iste’mol xossalari yoqmaganligi (o‘lcham, fason, rang va h.k.) vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Bu esa uni «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan almashtirib olish huquqidan foydalanishi uchun yetarli asos bo‘lib hisoblanmaydi. Sababi ushbu turdagi texnikalar shu moddaning 4-qismi tartibida Hukumat tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida keltirilgan zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan tovarlar bo‘yicha essa iste’molchi faqatgina ularda nuqsonlar aniqlangan taqdirdagina almashtirish va shu kabi talablarini qo‘ya oladi.

Murojaatni o‘rganish doirasida tomonlarga yuqoridagi holatlar hamda qonun talablari bo‘yicha tushuntirishlar berilgach, iste’molchi maqbul sifatdagi maishiy texnikani almashtirib olish talabini bekor qilishga qaror qildi.

Shohistaxon Rahimova
Toshloq tuman jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий