O‘lchami biroz mos kelmagan kiyimning puli qaytarildi

O‘lchami biroz mos kelmagan kiyimning puli qaytarildi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Hidoyat ko‘chasida yashovchi M.A.ning farzandiga xarid qilingan ayollar kiyimining o‘lchami mos kelmaganligi va sotuvchi ushbu tovarni qaytarib olmayotganligi borasidagi murojaat o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u yakshanba kuni Farg‘ona shahar buyum bozoridan qiz farzandi uchun 715 000 so‘mga ayollar kostyum yubkasini xarid qiladi. Kiyim uyga olib kelingach esa o‘lchami farzandiga biroz mos kelmayotganligi ma’lum bo‘ladi. Dushanba bozor ishlamaganligi sababli seshanba kunida sotuvchiga borib uchrashib, holatni tushuntirganida esa «Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi», degan javobni oladi.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, iste’molchi xarid qilingan nooziq-ovqat tovarini 10 kun muddat ichida xuddi shunday tovarga almashtirib olish, agar sotuvda bunday tovar qolmagan bo‘lsa pulini qaytarib olish huquqiga ega. Faqat bunda tovardan foydalanilgan bo‘lmasligi, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan bo‘lishi talab etiladi.

Shahar jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganish doirasida sotuvchi bilan uchrashib, qonun talablarini tushuntirganlaridan so‘ng sotuvchi iste’molchining 715 000 so‘m pulini qaytarib berib yuzaga kelgan nizoli holatni bartaraf etishni ma’qul ko‘rdi.

Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.

(illyustrativ foto)

Отправить комментарий