Qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar almashtirilmaydi, lekin …

Qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar almashtirilmaydi, lekin …

O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni 18-moddasiga ko‘ra, nooziq-ovqat tovarlarni almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydigan qoidalar bilan belgilanadi. Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 13.03.2003 yildagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida «Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati» keltirib o‘tilgan. Ayrim sotuvchilar o‘zlari tomonidan sotilayotgan tovarlar shu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lsa, har qanday holatda biz sotilgan tovarni qaytarib olmaymiz, almashtirmaymiz, deb o‘ylashadi. Aslida bunday emas. Agar iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan bo‘lsa, mazkur tovar ushbu ro‘yxatda turish turmasligidan qat’iy nazar almashtirilishi mumkin.

Yozyovon tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan U.M. ham xuddi shunday holatlardan biriga duch kelgan. Marg‘ilon shahrida joylashgan “Ipakchi buyum bozori» hududidan narxi 3 650 000 so‘m bo‘lgan tilla taqinchoq xarid qilib, xonadoniga kelgach uni qiziga sovg‘a qilganida taqinchoqda nuqson borligi aniqlanadi. Ushbu masalada sotuvchiga murojaat qilingan va u nuqsonlarni bepul bartaraf etib berish yo‘nalishida sa’y-harakatlarni amalga oshirigan bo‘lsada, bu ishlar kutilgan natijani bermagan.

Tuman jamiyati mutaxassisi murojaatni o‘rganish asnosida sotuvchi bilan uchrashib, unga qonunchilikning yuqorida keltirib o‘tilgan talablari yuzasidan tushuntirishlar berganidan so‘ng, u sotilgan tovardagi nuqsonni bepul bartaraf etib berish borasida qilgan sa’y-harakatlari haqiqatan ham kutilgan natijani bermaganligini tan olib, iste’molchi talabi asosida uni xuddi shunday tilla taqinchoqqa almashtirib berdi.

Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.

Post Comment