Uzoq muddat foydalaniladigan va kafolat muddati belgilanmagan tovarning ham siz bilmagan kafolati bor
Bozorlarimizdagi ba’zi sotuvchilarning xaridorlarga qilayotgan muomalasini, «olsangiz so‘rangda, olmasangiz surishtiraverasizmi» qabilida jerkib tashlashgacha borib yetishlarini ko‘rib, «ushbu tovarga umuman kafolat yo‘q» mazmunidagi so‘zlarni mijozlarga bemalol og‘iz to‘ldirib gapiraverishlarini kuzatib turib, miyaga, qiziq, rivojlangan davlatlarda iste’molchiga tovarning sertifikatini taqdim qilib, uni ishlatib ko‘rsatib, kafolat muddatini belgilab berib, yana allambalo bonuslar va’da qilib maishiy texnika buyumlarini sotayotgan sotuvchilar bizning bozorlardagi xuddi shunday tovarlarni sotuvchilarga havas qilarmikan yoki hasadmi, degan savol kelib qoladi, ba’zan.
Mana birgina misol. «Bu tovarlar uchun garantiya yo‘q, buni xaridorga oldi-sotdi jarayonida aytganman», – deydi Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi bozorlardan birida maishiy texnika buyumlarini savdosini amalga oshirayotgan sotuvchi H.E. uning tomonidan sotilgan maishiy texnika buyumida nuqson anilangani va almashtirib berilmayotgani xususidagi murojaatni o‘rganish davomida tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga bergan tushuntirish xatida. Ma’lum bo‘lishicha tovar (blender) iste’molchiga 1 000 000 so‘m evaziga sotilgan. Murojaat egasi bu pul summasini ro‘zg‘ordan orttirib to‘plashi oson bo‘lgan deysizmi?
Xo‘sh, bunday holatda nima bo‘ladi? Men aytganman, bu sotib olaverdi, deyish bilan sotuvchi qutilib ketaveradimi? Yo‘q. Amaldagi qonunchilik uzoq muddat foydalaniladigan tovarga kafolat muddati belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi olti oy davomida kafolat muddati belgilangan tovardagidek huquqlarga ega bo‘lishini kafolatlaydi. Yuqoridagi holat ham qonunchilikning mazkur talablaridan kelib chiqqan holda hal qilindi va iste’molchiga sotilgan nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirib berildi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment