Iste’molchilarga ichimlik suvi yetkazib berish va oqova suv xizmatlarini ko‘rsatilishida hisob-kitoblar bilan bog‘liq muammolar
Farg‘ona shahrida yashovchi, Federatsiya a’zosi N.Vavilova shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun bir yilga hisoblab, o‘ziga qarashli 2 ta xonadonning har biri uchun 473 000 so‘mdan oldindan to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsada, Sohibqiron Temur ko‘chasidagi xonadoni uchun 100 000 so‘m, Alisher Navoiy ko‘chasidagi xonadoni uchun esa 98 000 so‘m qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bayon qilib, holatga oydinlik kiritib berilishini so‘ragan.
Murojaat o‘rganilganda iste’molchining e’tirozlari o‘rinli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shahar jamiyati tomonidan ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga kiritilgan so‘rov asosida asossiz qarzdorlik summalari bartaraf qilindi.
Qo‘qon shahrida esa boshqa bir holat kuzatilgan. Iste’molchi Y.A. xonadoniga o‘rnatilgan ichimlik suv hisoblagichiga maxsus muhr (plomba) o‘rnatib berilishini so‘rab suv ta’minoti idorasiga 4 marotaba ariza qoldirganligi, lekin shu kunga qadar idora tomonidan uning murojaatlari e’tiborsiz qoldirib kelinayotganligidan norozi bo‘lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaat asosida suv ta’minoti korxonasiga kiritilgan so‘rov asosida iste’molchi xonadonidagi hisoblagichga maxsus muhr (plomba) o‘natib berilgan bo‘lsada, ichimlik suv ta’minoti korxonalari mas’ullariga «Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari»ga ko‘ra, plombalanmagan hisoblash asboblarini o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanishidan hamda suv o‘lchash uzeli ichimlik suvi ta’minoti korxonasi tomonidan plombalanishi lozimligidan kelib chiqib, iste’molchilarning bu boradagi murojaatlariga jiddiy yondoshishlarini so‘rab qolar edik.
Mansurjon Toshkanov,
Muhammadjon O‘lmasov,
Farg‘ona va Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari.



Post Comment