Iste’molchilar duch kelayotgan ko‘pgina muammolarning sababi ularni to‘laqonli ma’lumotlar bilan ta’minlamasligida emasmi?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ijrochi iste’molchiga xizmat ko‘rsatish qoidalari, shuningdek o‘zi realizasiya qilayotgan ish, xizmatlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Chunki qonunchilik bu borada yuzaga kelgan turli nizolarni ko‘rib chiqishda iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanadi.
Agar ichimlik suvi ta’minoti yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, aholi (iste’molchilar)ga beriladigan mazkur ma’lumotlar jumlasiga suv hisoblagichlarni o‘rnatish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar tartib-qoidalari, shuningdek suv ta’minoti sohasidagi rasmiy saytda iste’molchilarning shaxsiy kabinetlari mavjudligi, ulardan foydalanish yo‘l-yo‘riqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazilishi ham kiradi. Zero iste’molchi, birgina shaxsiy kabinetidan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganib olishi bilan sohada yuzaga kelayotgan bir qator muammolar o‘z-o‘zidan yechim topib ketishi ham mumkin.
Toshloq tumanilik B.M. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, ichimlik suv ta’minoti korxonasi xizmatlaridan noroziligini, xususan uning xonadoniga nisbatan 3 400 000 so‘m qarzdorlik hisoblanayotganligini ma’lum qilib, holatni o‘rganib chiqib amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Murojaat Federatsiyaning Toshloq tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan ichimlik suv ta’minoti korxonasi mas’ullarini jalb qilgan holda o‘rganib chiqilganda, xonadonga 6 oy avval suv hisoblagich uskunasi o‘rnatilganligi, lekin hisoblagich va uning ko‘rsatkichlari Billing bazaga kiritilmay qolganligi natijasida yuqoridagi qarzdorlik summasi kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish ishlari doirasida suv hisoblagich va uning ma’lumotlarini bazaga kiritilishi, olib borilgan qayta hisob-kitob ishlari yakunlari bilan iste’molchida mavjud real qarzdorilk summasi 700 000 so‘mni tashkil qilishi qayd qilindi. Iste’molchi mazkur qarzdorlik summasini bartaraf etishi bilan yuzaga kelgan muammo bartaraf qilinishiga erishildi.
Shohistaxon Rahimova,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment