Hududlarda targ‘ibot va tushuntirish tadbirlari o‘tkazib borilmoqda

Hududlarda targ‘ibot va tushuntirish tadbirlari o‘tkazib borilmoqda

Federatsiyaning viloyatdagi quyi tuzilmalar tomonidan joylarda amaldagi qonunchilik targ‘iboti tadbirlarini olib borishdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining keng qatlamlari o‘rtasida qonunchilik mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish, iste’molchilik ijtimoiy harakati saflarini kengaytirish, aholining qonunchilik bo‘yicha huquqiy bilimlarini oshirgan holda sohaga oid qonunbuzilishi holatlarini kamaytirish va oldini olishdan iboratdir.

Uchko‘prik tumani

Hududdagi 15, 20, 25 va 56-sonli umumta’lim maktablari pedagogik jamoalari ishtirokida tashkillangan targ‘ibot tadbirlarida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik asoslari, iste’molchilik ijtimoiy harakati hamda uning ta’lim muassasalari xodimlari uchun ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar, Federatsiya va uning hududiy tuzilmalarini iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilim saviyasi va iste’mol madaniyatini oshirish, sohaga oid qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish yo‘nalishlaridagi faoliyati yuzasidan axborotlar berib o‘tildi.

Bag‘dod tumani

Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Bag‘dod oilaviy shifokorlik punkti tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda amaldagi qonunchilik targ‘iboti yuzasidan suhbat o‘tkazildi. Unda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi, shuningdek fuqarolarning sog‘ligini saqlash to‘g‘risidagi qonunchiliklarga muvofiq iste’molchi (bemor)lar huquqlari, tibbiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan iste’molchilarni ma’lumot olish, xizmatlarning tegishli sifatda va xavfsiz bo‘lishi borasidagi huquqlarini ta’minlab berilishi masalalari yuzasidan fikrlar bildirib o‘tildi.

So‘x tumani

O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra, aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatayotgan sub’ektlar o‘z korxonasi haqida, o‘zi tomonidan realizasiya qilinayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilishi esa o‘z navbatida turli huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shu nuqtai nazardan tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan tuman markazidagi moddiy va ma’naviy jihatdan eskirgan, amaldagi talablarga javob bermaydigan tashqi yozuvlar o‘rganilib, mas’ullarga ularni almashtirish hamda belgilangan tartiblarga moslashtirish yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berib borilmoqda.

Post Comment