Nuqsonli muzlatgich muammosi iste’molchi foydasiga hal etildi
Rishton tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga iste’molchi M. M. tomonidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda u “Imkon” savdo do‘konidan shartnoma asosida kreditga olingan SHIVAKI HD 395 FWENH rusumli muzlatgichda ma’lum muddatdan so‘ng nuqson (tovush) paydo bo‘lganini ma’lum qilgan.
Murojaatchi ta’kidlashicha, dastlab do‘konga murojaat qilinganda servis xizmati tomonidan texnik ko‘rik o‘tkazilgan. Biroq qisqa vaqt o‘tgach, muzlatgichdagi muammo yana takrorlangan. Shu bois u nuqsonli tovarni almashtirish yoki shartnomani bekor qilish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur holat tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jaaryonida sotuvchi tomoniga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari — xususan, nuqsonli tovarni almashtirish, tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki shartnomani bekor qilish tartiblari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganish va huquqiy ta’sir choralari natijasida, iste’molchining talabi inobatga olinib, nuqsonli muzlatgich uning xohishiga ko‘ra boshqa, soz holdagi mahsulotga almashtirib berildi.
Shu bilan birga, iste’molchiga kelgusida tovar xarid qilishda shartnoma shartlarini sinchiklab o‘rganish, kafolat muddatlari va servis xizmatlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish zarurligi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Ushbu holat iste’molchilar o‘z huquqlarini yaxshi bilgan holda, muammolarni qonuniy yo‘l bilan hal etish imkoniyatiga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Suratda jamiyat mutaxassisi X.Latipov murojaatni o‘rganish jarayonida.



Post Comment