Kitob puli qaytarildi: iste’molchi murojaati ijobiy hal etildi
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro farzandini xususiy o‘quv markazlaridan biriga o‘qishga joylashtirib, ta’lim jarayoni uchun zarur bo‘lgan kitob xarid qilish maqsadida to‘lovni amalga oshiradi. Biroq oradan vaqt o‘tsa-da, kitob iste’molchiga berilmaydi. Shu bilan birga, to‘langan mablag‘ni qaytarish haqidagi talab ham qanoatlantirilmaydi. Natijada fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqami orqali murojaat qiladi.
Murojaat Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida o‘quv markazi mas’ullari bilan bog‘lanilib, amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada masala ijobiy hal qilinib, kitob uchun oldindan to‘langan 75 ming so‘m mablag‘ iste’molchining plastik kartasiga qaytarib berildi.
Mazkur holat iste’molchilar o‘z huquqlarini yaxshi bilishi va ular buzilganda tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Amaliyot shuni tasdiqlamoqdaki, ko‘plab nizolar qonunchilik asosida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida sudgacha bo‘lgan bosqichda hal etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, iste’molchi tovar yoki xizmat uchun haq to‘lagan bo‘lsa, unga va’da qilingan mahsulot yoki xizmat o‘z vaqtida va to‘liq hajmda taqdim etilishi shart. Aks holda iste’molchi yetkazilmagan tovar yoki ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘langan mablag‘ni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Shuning uchun ta’lim, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasida iste’molchi sifatida huquqlaringiz buzilsa, vaziyatga befarq bo‘lmang. To‘lov hujjatlari, shartnoma va boshqa tasdiqlovchi dalillarni saqlab qo‘ying hamda huquqiy yordam olish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qiling. Aksariyat holatlarda murojaat qilishning o‘ziyoq muammoni hal etishga xizmat qiladi.
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rib chiqilgan mazkur murojaat ham iste’molchining qonuniy manfaatlari tiklangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.



Post Comment