Quvasoy shahrida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishlar sarhisob qilindi
Quvasoy shahrida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda tayanch guruhlari faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda jamiyatning 2021–2025 yillardagi faoliyati natijalari muhokama qilinib, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash, ularning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish, iste’molchilik madaniyatini yuksaltirish hamda tayanch guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, konferensiyada ishtirok etadigan delegatlar belgilandi.
Alohida ta’kidlash joizki, tadbir «Ustozlar va murabbiylar kuni» arafasida o‘tkazilgani bois, yig‘ilish nafaqat hisobot va tashkiliy masalalar, balki iste’molchilik ijtimoiy harakatida faol ishtirok etib kelayotganlarni e’tirof etish bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir yakunida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish va iste’molchilik ijtimoiy harakatini rivojlantirishda munosib ishtirok etib kelayotgan bir guruh Federatsiya a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi e’tiroflar jamoatchilik asosidagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish harakati faollarini yanada rag‘batlantirish, ularning tashabbuskorligini oshirish va joylardagi ishlarni samarali davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



Post Comment