Odamlarimizning umri va vaqti zoye ketmasin
-
Аmaldagi qonun bilan isteʼmolchiga bir qator huquqlar berilganki, sotib olingan tovarning keyinchalik nuqsonlari aniqlansa, kafolat muddati mobaynida almashtirib olish, bepul taʼmirlatish, shartnomani bekor qilib, ko`rilgan zararni qoplatish kabi huquqlar shular jumlasidandir. Lekin isteʼmolchilar yuqoridagi huquqlarini har doim, har joyda emin-erkin amalga oshira olayaptilarmi? Аlbatta, huquqiy jihatdan bilimli inson o`zining qonuniy huquqlarini o`rnida talab qilishni bilishi bilan birgalikda, agar qarshi taraf uning talablarini bajarmagan taqdirda qanday harakatlarni amalga oshirishi kerakligidan ham boxabar bo`ladi. Аks holda, Farg`ona shahrida istiqomat qiluvchi Ye.K. singari sotuvchining quruq va`dalariga ishonib, yillab umri va vaqtini zoye ketkazishi mumkin.
Isteʼmolchi Ye.K. Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib kelishiga qadar ikki yil davomida unga nuqsonli televizor sotgan sotuvchi bilan kurashgan, uning bergan vaʼdalariga ishonib yuravergan yoki sotuvchiyam insonligidan kelib chiqib, bir kun insofga kelib qolishiga umid qilganmi, bu yog`i bizga qorong`u.
Xullas, isteʼmolchi 2017 yilda Farg`ona shahar Buyum bozori hududidagi savdo do`konlarining biridan 450 АQSh dollariga “LG” rusumli televizor xarid qiladi. Oradan bir oy o`tib televizorning nuqsonlari bo`y ko`rsatib, u buzilib qoladi. Isteʼmolchi televizorni sotuvchiga keltirib, holat yuzasidan o`z eʼtirozlarini bildiradi. Sotuvchi nuqsonlarni bepul bartaraf qilib berishga vaʼda berib, televizorni olib qoladi. Nuqsonlar bartaraf etilganligi xabari berilgach, xonadonga qaytarib olib ketilgan televizor ikki haftada yana buziladi. Qo`yingki, bu holat ikki yil davom etib, televizor sotuvchining huzuriga besh marta olib kelinib, besh marta olib ketiladi. Televizor beshinchi marta sotuvchiga qaytarilgach, isteʼmolchining ko`nglida “Televizor nega buzilaveradi, balki menga avval isteʼmolda bo`lgan televizor sotishganmikan?”, degan shubha va gumonlar kuchayib, u sotuvchidan televizorni qayerda tuzatishayotganligini so`raydi. Sotuvchi televizor har doimgidek “Samsung” servis markazidaligini, ustalar nuqsonlarni bartaraf qilayotganliklarini aytgach, u servis markazi bilan bog`lanib, o`zining televizori haqida so`rab surishtiradi. Lekin ustalar markazga bunday televizor kelib tushmaganligini maʼlum qiladilar. Shundan so`ng, isteʼmolchi o`z kuchi bilan huquqlarini to`la ro`yobga chiqara olmasligi, unga bu borada biror bir tashkilot yordami zarurligini anglab yetib, shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Shahar jamiyati tomonidan olib borilgan o`rganish ishlari natijalari bilan esa isteʼmolchining nuqsonli tovari maqbul sifatli tovarga almashtirilishiga erishildi. Sotuvda xuddi shu markadagi televizor bo`lmaganligi sababli boshqa markadagi, maqbul sifatdagi televizorni uyiga olib ketgan isteʼmolchi bugun televizorni har tarmoqqa ulaganida Federatsiya tomonidan ko`rsatilgan amaliy yordamni his qilishi bilan birgalikda, ikki yil davomida chekkan mashaqqatlari ham ko`z o`ngidan bir-bir o`tayotgan bo`lsa, ne ajab.
Nodirjon Toshkanov
Farg`ona shahar IHHQ jamiyati raisi
Post Comment