Nuqsonli tovar maqbul sifatdagisiga almashtirildi
O‘ziga nuqsonli tovar sotilgan iste’molchining ushbu tovarni ayni shunday maqbul sifatli tovarga almashtirib berilishini talab qilish huquqi va da’vo qilingan nuqsonni sotuvchi tomonidan qo‘shimcha tekshirib olish zarurati bo‘lmasa, uni yetti kunlik muddat ichida almashtirib berilishi shartligi hamda qonunda belgilangan almashtirib berish muddatlarini o‘tkazib yuborganlik uchun iste’molchi sotuvchidan neustoyka (penya) undirib olishi mumkinligidan, albatta, ko‘pchilikning xabari bor. Lekin shunday bo‘lsada ayrim sotuvchilar bunday holatlar yuzaga kelganda o‘z qo‘lida mavjud qonuniy imkoniyatlarni ishga solish o‘rniga turli bahona va vajlar bilan tovarni almashtirib bermaslikka yoki almashtirish ishlarini paysalga solishga urinadilar.
Shunday holatlardan biri Yozyovon tumanida kuzatilgan. Iste’molchi X.M. pensiyasidan ajratib, tumandagi bozordan 310 000 so‘mga xarid qilib olib kelgan kostyum shimning oradan bir kun o‘tmasdanoq iplari uzilib, choklari ochilib keta boshlagan. U masalani sotuvchi bilan muzokara vositasida hal qila olmagach, Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qonuniy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
Albatta, ushbu holatda ham, murojaatni o‘rganilishi jarayonida mutaxassislar tomonidan sotuvchiga qonun talablari va ularni bajarilmasligi natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan berilgan tushuntirishlar samarasiz ketmadi. O‘rganish ishlari iste’molchiga sotilgan nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishi bilan yakun topdi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.



Post Comment