Ijtimoiy so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi

Ijtimoiy so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi

Hududiy birlashma xodimi G‘ayrat Mamatqulov tomonidan “Bugungi kunda iste’molchilarni qiynab turgan muammolarning kelib chiqishini asosiy sabablari, ularni keltirib chiqarayotgan omillarni o‘rganish va Farg‘ona viloyati misolida yoritish” loyihasi asosida mustaqil tadqiqot o‘tkazilayotganini ma’lum qilgandik.

Quyida ana shu tadqiqot doirasida aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalarini e’tiboringizga ahvola qilamiz.

Ijtimoiy so‘rovnoma ikkita savoldan iborat bo‘lib, har biriga 3 tadan javob varianti taklif qilindi. So‘rovnoma matnida “qonun” deyilganda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun nazarda tutildi. Unda 4 minga yaqin respondentlar qatnashdi.

Natijalar quyidagicha bo‘ldi:

1. Kundalik turmush jarayonida iste’molchi sifatida turli muammolarga duch kelinishining eng asosiy sabablari nimada deb o‘ylaysiz?


A) Iste’molchiga oldi-sotdi (ish va xizmatlardan foydalanish) jarayonida shu tovar (ish, xizmat)ga oid bo‘lgan, yetarli darajadagi ma’lumot berilmasligida – 26,3 %;

B) Aholida iste’molchilik sohasiga oid bilimlarning yetishmasligi, bu borada yetarli darajada ta’lim berilmasligida – 25,5 %;

V) Amaldagi qonunning bugungi kun talablariga javob bera olmayotganida – 48,1 %.

2. Bugungi kun iste’molchilarini qiynab turgan muammolarni oldini olish, takrorlanmasligiga erishish maqsadida qanday ishlarni amalga oshirish kerak deb o‘ylaysiz?


A) Aholiga iste’molchilik sohasiga oid ta’lim va bilim berish ishlarini kuchaytirish kerak – 38,0 %;

B) Qonunbuzilishi holatlari sodir etilganligi uchun jazo sanksiyalarini kuchaytirish kerak – 25,6 %;

V) Qonun talablarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchi)lar tomonidan bajarilmasligi (buzilganligi) uchun jazolanishi bo‘yicha amaldagi normalarni saqlab qolgan holda, o‘z vaqtida bajarishlaridan ko‘proq manfaatdor bo‘ladigan normalarni ham kiritish kerak – 36,4 %.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

1 comment

Post Comment