Iste’molchiga chek taqdim qilinmaganligi holati bo‘yicha soliq idorasiga ma’lumotnoma kiritildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchi X.Abdunazarovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
“Farg‘ona buyum bozori” hududida savdo faoliyati olib borayotgan F.A.ga qarashli do‘kondan bolalar kiyim-kechak komplektini sotib olib, uyiga olib kelib 1,5 yoshli farzandiga kiydirib ko‘rganida kiyimning razmeri biroz mos kelmagan iste’molchi X.Abdunazarova “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasida belgilab qo‘yilgan huquqidan, ya’ni maqbul sifatdagi tovarni sotib olingan joydagi sotuvchidan ayni shunday tovarga almashtirib olish, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olish huquqidan foydalanmoqchi bo‘lgan. Lekin sotuvchi negadir uning qonuniy talabini qanoatlantirmagan. Natijada tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shundan so‘ng iste’molchi ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida sotuvchi bilan uchrashilib, unga qonun talablari tushuntirilgach, u iste’molchiga sotilgan bolalalar kiyim-kechagini xuddi shunday tovarga almashtirib berishni o‘z bo‘yniga oldi. Lekin bu yerda yana bir holat bor.
Amaldagi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, oldi-sotdi amalga oshirilgach, iste’molchiga kassa yoki tovar cheki taqdim qilinishi shart.
“O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ning 22-bandiga ko‘ra, chakana savdoni nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan amalga oshirayotgan sotuvchi — yakka tartibdagi tadbirkor xaridorga sotib olingan tovar bilan birgalikda sotuvchining familiyasi va imzosi, yakka tartibdagi tadbirkorning (yuridik shaxs bo‘lmagan dehqon xo‘jaligining) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning tartib raqami, tovar sotilgan sana va uning qiymati ko‘rsatilgan holda kvitansiya yoki shunga o‘xshash hujjatni berishi shart.
Iste’molchi X.Abdunazarovaga esa mazkur jarayonda to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi birorta hujjat taqdim qilinmagan.
Ushbu holat esa o‘z navbatida murojaat bo‘yicha o‘rganish olib borgan shahar jamiyati mutaxassislarining nazaridan chetda qolmadi va mazkur holat yuzasidan tegishli qonuniy baho berilishi uchun Farg‘ona shahar soliq inspeksiyasiga ma’lumotnoma kiritildi.
Shu o‘rinda agar sotuvchi qonuniy talabingizga ko‘ra, kassa yoki tovar chekini yoxud uning o‘rnini bosuvchi hujjatni Sizga taqdim qilishdan bosh tortsa, yaxshisi bunday sotuvchilardan tovarlar (ayniqsa uzoqroq muddat foydalaniladigan tovarlarni) sotib olmaslikni, shuning bilan birgalikda, mazkur holat yuzasidan joyida soliq idoralariga xabar berilishi maqsadga muvofiqligini eslatib o‘tamiz.
Baxodirxon Usmonov
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment