IMEI kodi bilan bog‘liq tushunmovchiliklar hali ham uchrab qolmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabridagi 778-sonli qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida Nizom” tasdiqlangan, mazkur Nizomning 6 prim 1-bandiga ko‘ra, mamlakat hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘lishliklari belgilab qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan, bu borada iste’molchilarni aldashga urinish, o‘z zimmasidagi majburiyatni iste’molchining zimmasiga o‘tkazib yuborishni ko‘zlash holatlari uchrab qolmoqda.
Buvayda tumani Dasht qishlog‘ida yashovchi Z.Sodiqov tuman markazida joylashgan savdo markazidan 3 200 000 (uch million ikki yuz ming) so‘mga sotib olgan Samsung A31 markali zamonaviy uyali aloqa vositasidan foydalanish jarayonida ham muammo kelib chiqdi. Muammoning sababi esa chetdan keltirilgan mazkur telefon apparatining IMEI kodi tegishli tartibda ro‘yxatga qo‘yilmaganligida ekan.
Yuqoridagi nomi tilga olingan Nizom talablariga ko‘ra, chakana sotishni ko‘zlab mamlakat hududiga olib kirilgan mobil qurilmani uni olib kirgan tadbirkorlik sub’ekti (importer) tomonidan ro‘yxatga qo‘yiladi. Bu yerda uni mamlakat ichkarisidagi savdo nuqtalaridan sotib olayotgan iste’molchi (fuqaro)ga bog‘liq hech qanday majburiyat yo‘q.
Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga tovar haqida o‘z vatida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilishi shart. Xo‘sh, yuqoridagi holatda iste’molchi Z.Sodiqovga tovar haqida zarur va to‘g‘ri ma’lumotlar, ya’ni uning iste’mol xususiyatlari bilan birgalikda, IMEI kodi ro‘yxatga olinmaganligi haqida ham ma’lumot berib o‘tildimi? Bizningcha yo‘q.
Demak, iste’molchiga noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan. Natijada iste’molchida tovardan ko‘zlangan maqsadda foydalanish yo‘lida to‘sqinlik qiluvchi holat (telefonni bloklanib qolishi va undan foydalanib bo‘lmasligiga olib keluvchi holat) yuzaga kelgan. Bunday holatda iste’molchida mazkur muammoni bartaraf etib berilishini talab qilish, agar talabi bajarilmasa shartnomani bekor qilish huquqi paydo bo‘ladi.
Iste’molchining murojaati Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qayd qilingach, Buvayda tumani jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilishi jarayonida qonunchilikning yuqoridagi talablari bo‘yicha sotuvchiga tushuntirishlar berildi. Natijada sotuvchi muammoni bartaraf qilish chora-tadbirlarini amalga oshirib, telefonning IMEI kodini o‘z hisobidan ro‘yxatga qo‘yib berdi.
Shu o‘rinda iste’molchilarga bitta murojatimiz bor. Siz xorijdan keltirilgan mobil qurilmalarni (telefon, noutbuk, planshet va boshqalarni) sotib olar ekansiz, sotuvchidan narxi, iste’mol xususiyatlarini surishtirish barobarida, uning IMEI kodi ro‘yxatga qo‘yilganmi, degan savolni berishga ham iymanmang. Sotuvchi esa mobil qurilmani yoqib, bitta-ikkita kombinasiyalarni amalga oshirish yordamida uning tegishli tartibda ro‘yxatga olinganligini tasdiqlab ko‘rsatsin. Shunda keyinchalik mobil qurilmadan emin-erkin, hech qanday xavotirlarsiz foydalanasiz.
Shukurjon Qambarov
Buvayda tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment