Qarzdorlik bo‘lsa zamonaviy hisoblagich xonadonni tarmoqdan uzar ediku?
Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro M.Mirzaevaning gaz ta’minoti idorasi tomonidan hisoblanayotgan qarzdorlik summasidan norozi bo‘lib O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganish ishlari davomida iste’molchining tabiiy gaz uchun amalga oshirgan to‘lov qog‘ozlaridan nusxalar olindi. Shuningdek, xonadonga zamonaviy rusumdagi avtomatlashtirilgan tizimda ishlovchi gaz hisoblagich uskunasi o‘rnatilganligi, agar qarzdorlik yuzaga kelsa, mazkur turdagi hisoblagich xonadonni gaz tarmog‘idan avtomatik ravishda uzishi ham inobatga olindi.
Murojaatni o‘rganish doirasida “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filialining Qo‘qon shahar gaz ta’minoti bo‘limiga iste’molchi M.Mirzaevaning qarzdorlikka aniqlik kiritish bo‘yicha korxonaga og‘zaki ravishda murojaatlar qilganligi, lekin masala yechim topmay kelganligi, iste’molchining shaxsiy telefon raqamiga 265 000 (ikki yuz oltmish besh ming) so‘m qarzdorlik mavjudligi bo‘yicha SMS xabarlar kelayotganligi hamda bu holatga aniqlik kiritilishi borasida rasmiy so‘rov xati yuborildi.
Korxonadan olingan javob xatida ma’lum qilinishicha, iste’molchi xonadoni ASKUG tizimiga ega zamonaviy gaz hisoblagich bilan jihozlangan hamda ushbu jarayon tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Xonadondan da’vo qilinayotgan qarzdorlik esa asossiz deb topilgan hamda mazkur summani dasturdan chiqarib tashlash bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Asrorjon Mamatqulov
Qo‘qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Post Comment