Iste’molchi nima deydi-yu, sotuvchilarda nima gap? || So‘rovnoma natijalari

Iste’molchi nima deydi-yu, sotuvchilarda nima gap? || So‘rovnoma natijalari

USAGM Workshops in Uzbekistan loyihasi doirasida “Savdo va xizmat sohasida naqd pul muomalasi: cheklanishlar va yo‘qotishlar” mavzusida material tayyorlash maqsadida aholi hamda savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari mas’ullari o‘rtasida alohida so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Aholi vakillari uchun tayyorlangan so‘rovnoma 1 ta savol va javoblarning 3 ta variantini o‘z ichiga olgan bo‘lib, 28 iyul’ holatiga hududiy birlashmaning tuman va shahar jamiyatlari ko‘magida 330 ta, hamkorlarning ijtimoiy tarmoqdagi kanallari (nuqtai_nazar_official, rishtontumanimurojaat telegram kanallari)dan esa mos ravishda 1736 ta va 320 ta, jami bo‘lib 2386 ta respondentlarning javoblari qabul qilib olindi.

Aholi vakillariga berilgan berilgan savol va uning javoblari quyidagi ko‘rinishni oldi (diagramma 1):

Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida (do‘konlar, oshxonalar, dorixonalar, maishiy xizmat ob’ektlari, jamoat transportida va b.) oldi-sotdi amalga oshirilgach (xizmatlar ko‘rsatilgach), 50 so‘mdan 1000 so‘mgacha bo‘lgan qaytim Sizga pul (tanga) ko‘rinishida beriladimi?

A) ha, hech qanday muammosiz, mening ogohlantirishimsiz pul (tanga) ko‘rinishida beriladi – 10%;

B) ha, biroz muammolar bilan bo‘lsada, pul (tanga) ko‘rinishida beriladi, lekin ko‘pincha turli saqich, gugurt, konfet, tabletka va boshqalar ko‘rinishida olishga to‘g‘ri keladi – 47%;

S) yo‘q qaytimni pul (tanga) ko‘rinishida berilmaydi, hohlasang-hohlamasang turli saqich, gugurt, konfet, tabletka va boshqalarni qaytim sifatida olasan yo bo‘lmasa qaytimdan voz kechasan – 43 %.

Ko‘rib turganingizdek, resondentlarning 10 %igina naqd pulda oldi-sotdi amalga oshirilgandan yoki xizmatlardan foydalanilgandan so‘ng, qaytimni hech qanday muammolarsiz olayotganliklarini qayd qilmoqdalar. Qolgan respondentlar esa qaytimni turli tovarlar (saqich, konfet, gugurt, qurut) vositasidagina olish mumkinligini yoki voz kechib ketishga ham to‘g‘ri kelayotganligini ma’lum qilmoqda.

Ushbu masalada O‘Zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi Monitoring sektori boshlig‘i Otabek Millaboevga murojaat qilganimizda, u bizga quyidagilarni ma’lum qildi:

– O‘zbekiston Respublikasining amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 8-moddasiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar to‘g‘risida kelishuvga erishilsa, iste’molchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o‘rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi. Aytaylik, iste’molchi savdo do‘konidan bir kilogramm shakar va bir kilogramm guruch olib, sotuvchining qo‘liga 21000 so‘m pul tutqazdi. Shakarning kilosi 8500 so‘m, guruch esa 12000 so‘m edi, deylik. Demak, bu yerda iste’molchi va sotuvchi o‘rtasida tuzilgan og‘zaki shartnomaga ko‘ra, iste’molchi do‘kondan shakar va guruch tanlab, ushbu tovarlar uchun 20500 so‘m to‘lashni o‘z zimmasiga oldi, sotuvchi esa ushbu tovarlarni unga haqiqatan ham 20500 so‘mga sotishga roziligini bildirib, iste’molchining qo‘lidan pulni oldi va o‘rtadagi farq 500 so‘mni qaytim sifatida qaytarish mas’uliyatini ham o‘z bo‘yniga oldi. Shartnoma shu shartlar bilan tuzildi. Agar sotuvchi shartnoma tuzilgunga qadar yo‘q biz pulda qaytim berolmaymiz, 500 so‘mingizga biror narsa olasizda, deganida balki iste’molchi ushbu do‘kondan tovarlarni olmasdan chiqib ketishi ham mumkin edi.

Endi qaytim o‘rniga birorta tovar berilishiga to‘xtalsak. Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Qaytim o‘rniga turli tovarlar (savdo do‘konlarida saqich, konfet, gugurt, qurut, dorixonalarda tabletka) berilishi esa aynan iste’molchini qo‘shimcha tovarlar sotib olishga qistash sifatida baholanadi. Ana endi iste’molchi qaytimni bu ko‘rinishda olishni rad etsayu, do‘konda qaytimga berilishi uchun mayda umuman bo‘lmasa, iste’molchi qaytimdan voz kechishga majbur bo‘lsa, mazkur holat xuddi shu moddaga ko‘ra ko‘rsatilmagan xizmat (sotilmagan mahsulot) uchun haq olish sifatida qaraladi.

Shu yerda mutaxassis bilan suhbatimizdan to‘xtab, e’tiborimizni savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga qaratsak. Mazkur so‘rovnomada haqiqatan ham shu sohada faoliyat olib borayotgan shaxslarning ishtirokini ta’minlash maqsadida hududiy birlashma tizimidagi tuman va shahar jamiyatlarining amaliy ko‘magiga tayanildi. Ularning ko‘magida viloyatimizdagi 2 ta shahar va 10 tumanda ushbu sohada faoliyat olib borayotgan 120 nafar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mas’ul vakillarining javoblari olindi. Natijalar quyidagi ko‘rinishni oldi (diagramma 2):

Nega oldi-sotdi amalga oshirilgach (xizmatlar ko‘rsatilgach) iste’molchiga qaytimni pul (tanga) ko‘rinishida bera olmayapsiz?

A) mayda pul yetishmaydi, lekin xizmat ko‘rsatuvchi bankimga bu masalada talab bilan murojaat qilganim yo‘q – 46%;
B) mayda pul yetishmaydi, xizmat ko‘rsatuvchi bankimga bu masalada talab bilan murojaat qilganman, lekin u ta’minlab bera olmayapti – 14%;
S) bizda bu borada muammo yo‘q, qaytimni pul (tanga) bilan beryapmiz, hohlasangiz xaridorlarimizdan so‘rashingiz mumkin – 40%.

So‘rovnoma natijalaridan ko‘rinib turibdiki, mayda pullar yetishmayotganligi holatini unda ishtirok etganlarning 60 %i e’tirof etgan. Jami ishtirokchilarning 46 %i ushbu muammo bilan kundalik faoliyatida duch kelib turgan bo‘lsada, bu masalada o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilmaganligini ma’lum qilgan. Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi va tijorat banki mas’ul xodimlari bilan suhbatlashganimizda, banklarda mayda pullar yetarli hajmlarda mavjudligini, lekin aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblarni olib boruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar vakillari bu borada o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklariga murojaat qilmayotganliklarini ta’kidlab o‘tgandilar. Shu yerda nega ular bankka murojaat qilmasdan turib, mazkur masalani muammo sifatida belgilayaptilar, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Balki buning zamirida qandaydir manfaat bordir. Aytmoqchimanki, balki ular bankka murojaat qilib, o‘z hisob-kitob kassalariga mayda pullarni ta’minlab qo‘ysalar, saqich, konfet, gugurt, qurut kabi tovarlarning savdosi kasod bo‘lar? Yana kim biladi, deysiz.

14 % so‘rovnoma ishtirokchilarining bankka murojaat qilsakda, ular bizni mayda pullar bilan ta’minlamayaptilar, degan fikrlari ham biroz bahsli holat, deb hisoblayman. Mazkur materialni tayyorlash jarayonida bitta akamizning qo‘liga 1000 so‘m pul berib, shuni bankdan bitta 500 so‘mlik, 1 ta 200 so‘mlik, 2 ta 100 so‘mlik va 2 ta 50 so‘mlik tangaga almashtirib chiqing, dedim. To‘g‘risi, akamizning bankdan qaytib chiqib, bo‘lmadi deyishiga yoki 50 so‘mlik yo‘q ekan, o‘rniga bitta 100 so‘mlik tanga berishdi, deyishiga o‘zimni ruhan tayyorlab ham turgandim. Yo‘q, akamiz bir pasda qo‘lida buyurtmadagi miqdordagi tangalarni ko‘tarib chiqdi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 40 %i bu borada muammo yo‘qligini qayd qilganliklari quvonarli holat bo‘lsada, nega unda aholi vakillarida ushbu masalada shikoyatlar ko‘p degan savol ham vujudga keladi. Yuqorida ko‘rganingizdek, so‘ronomada qatnashgan aholi vakillarining 90 %i qaytimga yo turli tovarlar olayotganliklarini yoki hattoki qaytimdan voz kechishga ham to‘g‘ri kelayotganligini ta’kidlab turibdiku.

Shu o‘rinda, bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Butun dunyoda, xususan rivojlangan mamlakatlarda “Iste’molchi (mijoz) – doim haq” degan qarash shakllangan bo‘lib, sotuvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar iste’molchining hohish-istaklari, ular ko‘proq nimalarni ma’qul ko‘rishlariga qarab ish tutadilar. Tovarlarni rasta ostidan yashirib sotish, sun’iy tanqisliklarni vujudga keltirish, bir tovarni sotib olish uchun kimlarnidir o‘rtaga qo‘yish kabi salbiy illatlar va hohlasang shu, hohlamasang katta ko‘cha, degan qarashlar zamonasi esa allaqachonlar o‘tib ketgan.

Mazkur masaladagi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

G‘ayrat Mamatkulov
Mustaqil tadqiqotchi

Post Comment