Pensionerning plastik kartasidan uning ruxsatisiz pul yechib olish holatiga chek qo‘yildi
Amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra fuqarolarning bank plastik kartalaridagi mablag‘lari ularning shaxsiy mulki hisoblanadi va qonun bilan himoya qilinadi. Hech bir shaxs yoki tashkilot karta egasining roziligisiz undan pul mablag‘larini yechib olishga haqli emas. Bunday holatlar moliyaviy huquqbuzarlik sanalib, tegishli qonunchilik asosida javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ayniqsa bunday holatlar pensionerlarning plastik kartalaridan, ularga bu borada to‘liq tushuntirishlar berib yoki bermasdan, yechib olinishi ko‘rinishida sodir etilishi nafaqat huquqiy jihatdan noto‘g‘ri sanaladi, balki yurtimizda shakllangan qariyalarga hurmat-e’tibor tamoyillariga ham xos emas.
Shunday holatlardan biri Yozyovon tumani «Qorasoqol» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi pensioner M.R. bilan kuzatildi va uning bu boradagi murojaati tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. Pensioner otaxon o‘z arizasida ancha yillardan buyon tumandagi «Yu.» do‘konlar tarmog‘ining mijozi hisoblanishi, ulardan bo‘lib to‘lash shartlarida olingan tovarlar uchun to‘lovlarni doim muddatidan oldinroq to‘lab qo‘yishga harakat qilishini, lekin so‘nggi vaqtlarda to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsada uning plastik kartasidan ham pul yechilishi holatlari sodir bo‘layotganini bayon qilib, ushbu masalaga qonuniy chek qo‘yilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Tuman jamiyati muaxassisi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish otaxonning murojaatida keltirilgan vajlarning o‘rinli ekanligini ko‘rsatgach, do‘kon mas’ullari kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan ogohlantirilib, pensioner M.R.ning plastik kartasi ma’lumotlari to‘lov bazasidan o‘chirildi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.
Post Comment