Ozgina adashish 14 million so‘m qarzdorlikka olib kelishi mumkin(mi) …
Buvayda tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari shu tumanda yashovchi fuqaro V.Qoraboevning yozma murojaatini o‘rgandilar. Iste’molchining murojaatida iddao qilinishicha, tuman elektr ta’minoti korxonasi uning xonadoniga nisbatan 14 596 465 (o‘n to‘rt million besh yuz to‘qson olti ming to‘rt yuz oltmish besh) so‘m asossiz qarzdorlik hisoblagan.
Iste’molchi murojaati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida uning yashash manziliga tashrif buyurilganda, xonadonga bir necha oy ilgari yangi, zamonaviy, aqlli elektr hisoblagich o‘rnatilganligi, iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelinayotganligi ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblar iste’molchida bunchalik darajada qarzdorlik mavjud bo‘lishi mumkin emasligini ham ko‘rsatdi.
Murojaatni o‘rganish doirasida tuman elektr ta’minoti korxonasidan olingan javob xati esa buni tasdiqladi. Unda jumladan shunday deyiladi: “Aniqlanishicha, Buvayda tumani elektr ta’minoti korxonasi tomonidan fuqaro V.Qoraboevning yashash xonadonida mavjud bo‘lgan hisoblagich ko‘rsatkichini amaldagiga nisbatan qyuori kiritilganligi oqibatida, 14 596 465 so‘m miqdorida qarzdorlik yuzaga kelgan. O‘rganish davomida, xonadondagi elektr hisoblagich ko‘rsatkichi “Elektr-hisob” dasturi bilan solishtirildi va noreal qarzdorlik ekanligi aniqlandi. Mazkur noreal qarzdorlik bo‘yicha xatlov dalolatnomasi rasmiylashtirilib, xonadon shaxsiy hisobvaraqasidan chiqarib yuborilishi natijasida qarzdorlik 30.08.2021 yil holatiga 3 245 (uch ming ikki yuz qirq besh) so‘mni tashkil etdi”.
Asrorjon Yigitaliev
Buvayda tuman IHHQ jamiyati raisi
Post Comment