Kafolat muddati belgilanmagan tovar xususidagi yana bir murojaat ko‘rib chiqildi

Kafolat muddati belgilanmagan tovar xususidagi yana bir murojaat ko‘rib chiqildi

Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning R. Xamrayev ko‘chasida yashovchi fuqaro K.M.ning xarid qilingan dazmoldagi nuqsonlar bo‘yicha qonuniy e’tirozlar sotuvchi tomonidan inobatga olinmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u shahardagi «Variant» savdo markazidan 310 000 so‘mga dazmol xarid kilgan. Lekin maishiy buyumdan foydalanish jarayonida bir haftaga bormasdan dazmolda nuqsonlar kuzatilib, u o‘z funksiyalarini talab darajasida bajarmagan. Iste’molchi bu haqdagi e’tirozlari bilan sotuvchiga murojaat qiladi va nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirish yoki pulini qaytarish talabini qo‘yadi. Sotuvchi esa ushbu tovarga kafolat muddati belgilanmaganligini, shundan kelib chiqib uning talablarini ham qondira olmasligini aytadi. Shundan so‘ng iste’molchi ushbu masalada shahar jamiyatiga murojaat qiladi.

Albatta, bunday holatlarda, ya’ni uzoq muddat foydalaniladigan tovarga kafolat muddati belgilanmagan hollarda ham qonun iste’molchining huquqlarini cheklamasligi, agar tovarda nuqsonlar aniqlansa iste’molchi 6 oy muddat ichida o‘z qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqara olishi haqida ilgarigi chiqishlarimizda ham bayon qilib o‘tgandik. Shundan kelib chiqqan holda, shahar jamiyati xodimlari sotuvchi bilan qonun talablari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordilar. O‘rganish yakunlari bilan esa, shartnoma bekor qilinib, iste’molchining 310 000 so‘m puli qaytarilishiga erishildi.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

(illustrativ foto)

Post Comment